Nurmat Otabekov: “Karantin choralari qat’iylashtirilganiga odamlarning haddan ortiq xotirjamlikka berilgani sabab”
Xabar berganimizdek, AOKAda "O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat, vaksinatsiya jarayonlariga tayyorgarlik" mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov koronavirusga chalinish bilan bog‘liq bugungi holat haqida gapirdi.
- Odamlar orasida vaksinatsiya jarayonlariga undash uchun ataylab kasallik ko‘payishini bo‘rttirib ko‘rsatishga urinilyapti, degan mish-mishlar uchrab turibdi, - dedi N.Otabekov. - Bunda mantiq yo‘q, chunki kasallanish holatlari asosan bolalar orasida oshmoqda. Biz esa vaksinani 18 yoshdan kattalarga tavsiya qilyapmiz.
Karantin choralari qat’iylashtirilganiga odamlarning haddan ortiq xotirjamlikka berilgani sabab bo‘lyapti desak, adolatdan bo‘ladi. Vaqti kelib, bolalarni himoya qilish choralari ishlab chiqilishi ham mumkin.
Shuningdek, Nurmat Otabekov internet tarmoqlarida tarqalgan Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etib, rasmiy statistikada aks etmagan bemor masalasiga ham oydinlik kiritdi. Mutaxassisning fikricha, bemor shifoxonaga olib borilishidan oldin unda virus tasdiqlangan. Ammo shifoxonadagi maxsus laborator tekshiruvida manfiy natija qayd etilgan. Shu sabab ham rasmiy statistikaga kiritilmagan. Hozirda patologoanatom xulosasi kutilmoqda.