Nurobod sanoatlashgan hududga aylanyapti
Nurobod Samarqand viloyatidagi hudud jihatidan eng katta tuman. Maydoni 486 ming kvadrat kilometr bo‘lgan tumanda rasman 4 ming 397 nafar ishsiz qayd etilgan va ishsizlik darajasi 7,2 foizni tashkil etadi.
Solishtirish uchun, Janubiy Yevropadagi San-Marino shahrining maydoni 61 kvadrat kilometrga teng. Turizm biznesi tufayli ushbu davlat rivojlangan va boy mamlakatlar qatoriga kiradi. Yoki maydoni 160 kvadrat kilometrga teng bo‘lgan Markaziy Yevropadagi Lixtenshteyn knyazligi ham turizm sohasi tufayli rivojlangan. Dunyodagi eng kichik davlatlardan bo‘lgan Monako knyazligi (maydoni 2,02 kv.kilometr) sayyohlarning eng katta oqimiga ega dunyodagi yagona mamlakat.
Endi Nurobodga keladigan bo‘lsak, tumanda joriy yilning birinchi yarim yilligida sanoat mahsulotlari hajmi 256,8 milliard so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 102,1 foiz), qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 871,5 milliard so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 103,2 foiz), xizmatlar hajmi 306,9 milliard so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 107,8 foiz) tashkil etdi.
Yilning birinchi yarmida o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 10,9 million dollar, eksport hajmi 522,2 ming dollar bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda mavjud imkoniyat va zaxiralarni ishga solish orqali hozirda bo‘sh turgan 14 ta bino-inshootga tadbirkorlarni jalb qilib, kamida 15,6 milliard so‘mlik investitsiya kiritish hisobiga 114 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Past quvvatda ishlayotgan 2 ta korxona to‘liq quvvatga o‘tkazilib, yil yakuniga qadar qo‘shimcha 61,6 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 2,4 miliard so‘mlik soliq tushumlari tushiriladi. A-378 magistral avtomobil yo‘lining hududdan o‘tuvchi 41-kilometrida 34 ta yangi savdo va servis ob’yektlarini ishga tushirib, 120 nafar aholini daromadli qilish ko‘zda tutilgan. Hududdagi 32 ta noruda konini tadbirkorlarga taklif qilib, 56 million dollar investitsiya jalb qilish va 480 ta ish o‘rni yaratish mumkin.
Turizm salohiyati yuqori bo‘lgan Arabota, Oqsoy va Qo‘rg‘oncha mahallalarida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash orqali yiliga qo‘shimcha 45 ming nafar turistni jalb qilish imkoniyati bor.
Nurobodga qiziqish ortib bormoqda
- O‘tgan yili tumanimizda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali 12 mingdan ortiq aholining bandligi ta’minlandi va mingdan ortiq oila kambag‘allikdan chiqarildi, - deydi tuman hokimi Sirojiddin Berdiqulov. - Mahallalarda 338 ta yangi servis ob’yektlarini tashkil qilish orqali xizmatlar hajmi 306,9 milliard so‘mga yetkazildi. Tumanning 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan rivojlanish dasturiga asosan, qiymati 172,5 million dollarga teng bo‘lgan 79 ta loyihani ishga tushirish va 1253 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgandi. 2024 yilda qiymati 113,7 million dollarlik 5 ta loyiha amalga oshirildi. O‘tgan yil 6 turdagi yangi mahsulotni ishlab chiqarish o‘zlashtirilib, sanoat mahsulotlari hajmi 579,4 milliard so‘mga yetkazildi.
Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri 30 million dollar sarmoyasi asosida «Щelkovo agroxim-O‘zbekiston» MChJ qo‘shma korxonasi ishga tushirildi.
Avstriyaning «LASSELBERGER» kompaniyasi bilan hamkorlikda «Semix» MChJ tomonidan 100 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyasi hisobidan 40 gektar maydonda quruq hamda tayyor qurilish materiallari, emulsion bo‘yoqlar, dekorativ va keramogranit plitkalar ishlab chiqarish loyihalari doirasida 500 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
Saudiya Arabistoni Xalqaro tuyachilik tashkilotining (ICO) to‘g‘ridan-to‘g‘ri 15 million dollar grant mablag‘lari hisobidan 520 gektar maydonda 3 ming boshli tuyachilik kooperatsiyasi tashkil etildi va tumandagi 34 ta sihatgoh va aholiga shifobaxsh tuya suti yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi.
Navro‘z mahallasida Xitoyning «JIANGSU DAODAO METAL TECHNOLOGY CO., LTD» va «VIETTA777 » MChJ ishtirokida yiliga 2,4 ming tonna shakar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo‘shma korxona tashkil etilmoqda.
Xalqaro taraqqiyot uyushmasi hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida «Chorvachilik sohasini rivojlantirish 2-bosqich» loyihasi doirasida 12,5 million dollar grant mablag‘i hisobidan chorvachilik sohasida xizmatlarni rivojlantirish dasturi amalga oshirildi. Bunda 12,1 million dollar kredit mablag‘i tumanimizda chorvachilikni rivojlantirishga jalb etildi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish hisobiga yiliga 207 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi. Yuqorida sanab o‘tilganidek, hududning katta-kichikligi emas, undagi qulaylik va sharoit muhim.
Hozirgi kunda jahonda turizm davlatlarning asosiy daromad yo‘nalishiga aylanib borayotgani hech kimga sir emas. Buni respublikamiz, xususan, Samarqandga kelayotgan sayyohlar oqimining ko‘payganidan ham bilish mumkin. Oddiygina solishtiradigan bo‘lsak, bir necha yuz minglab aholimizning yil davomida shug‘ullanadigan qishloq xo‘jaligi sohasi keltiradigan daromaddan ko‘ra mavsum davomida turizmdan keladigan manfaatdorlik bir necha barobar ko‘p. Shu bois tumanimizda ham turizmni rivojlantirish, yangi maskanlar qurish, sayyohlarni jalb qilish rejalarini ishlab chiqdik. Buning uchun Oqsoy mahalasida, Hazrati Dovud qadamjosi atrofida Shveysariya davlatining « Bartholet» kompaniyasi bilan hamkorlikda «Samarqand kanat yo‘llari» MChJ tomonidan 13,5 million dollar (12 million dollar xorijiy bank krediti, 1,5 million o‘z mablag‘i) investitsiya mablag‘i hisobiga «sayyohlarga xizmat ko‘rsatish markazi» tashkil etiladi.
Chorvachilikdan - sanoatga
Nurobod haqida gap ketsa, bahorgi yomg‘irlar tufayli qiru adirlari yashillikka burkangan, chorvasi ozuqaga muhtoj bo‘lmagan maskan ko‘z oldimizga keladi. Ammo qishloq xo‘jaligi, xususan, chorvachilik bilan bir tumanni rivojlantirib bo‘lmaydi. Buning ustiga, yetishtirilgan mahsulot, chorva terisi, go‘sht, sut qayta ishlanmasa. Xomashyo tayyorlash bilan esa katta daromadga erishib bo‘lmaydi. Bu jihatlar e’tiborga olinib, tumanda «Urgut» erkin iqtisodiy zonasining filiali, qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda.
- Ko‘rilgan choralar natijasida 2023 yilda tumanimizdan 9,7 million dollarlik maishiy texnika, plastmassa eshik-romlar va boshqa sanoat mahsulotlari eksport qilindi, - deydi tuman hokimi o‘rinbosari G‘olib Ne’matov. – Bundan tashqari, Hindiston va Xitoyga oziq-ovqat mahsulotlariga qo‘shimcha sifatida ishlatiladigan 0,3 million dollarlik kovrak shirasi sotildi.
Natijani yanada yaxshilash uchun o‘tgan yillarda ishlamay turgan 10 ta korxona eksport faoliyatiga jalb qilinib, ularning umumiy soni 21 taga yetkazildi. Joriy yilda eksport ko‘rsatkichlarini 17 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Yilning birinchi yarmida tumanimizda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 0,24 trillion so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilga nisbatan ikki foiz o‘sishga erishildi. Import o‘rnini bosuvchi, eksportbop sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Misol uchun, « Central Asia Company» MChJ negizida kafel mahsulotlari xomashyosini ishlab chiqarish uchun 4,5 million dollar, «Zhongguo Daohu Qiche Zhizao» MChJ xususiy korxonasi tomonidan yuk mashinalari uchun tirkama ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasiga 3 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.
Xorijiy safarlar samarali bo‘ldi
Tuman rahbarlari va tadbirkorlarning 2023 yil dekabr va joriy yil yanvar oylarida Xitoyga safari davomida yuk mashinalari uchun tirkamalar ishlab chiqarish va yig‘ishni tashkil etish, kafel mahsulotlari xomashyosini ishlab chiqarish uchun ohak va kvarsni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirishga kelishib olingandi.
Shuningdek, elektromobillar ehtiyot qismlari va zaryadlash stansiyalarini ishlab chiqarish chorva mollari yetishtirish hamda naslchilikni rivojlantirish, veterinariya dori vositalari ishlab chiqarish uchun dorivor o‘simliklar, dukkakli va chorva ozuqa ekinlari yetishtirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Sabzavotni konservalash, mayda shoxli chorvachilik xo‘jaligini tashkil etish, polietilen quvurlar, qishloq xo‘jalik texnikalari ishlab chiqarish, soya va makkajo‘xori yetishtirish, un va un mahsulotlari, kungaboqar yetishtirishni tashkil etish borasida kelishuvlarga erishilgandi.
9-10 iyun kunlari Rossiya Federatsiyasining Penza viloyatiga safarda esa avtomatik yonilg‘i qo‘yish qurilmalarini sotishga ko‘maklashish va ularni ishlab chiqarishni Samarqandda mahalliylashtirish, bolalarga mo‘ljallangan konditer mahsulotlari sotishga ko‘maklashish va ularni tayyorlash loyihalari ko‘rib chiqildi. Penza viloyatining Kamensk tumanida 1000 gektar maydonda birgalikda qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirish, tumanimizda 600 boshga mo‘ljallangan uchta go‘sht va sut yo‘nalishidagi yirik shoxli qoramollar fermalarini tashkil etishga kelishildi.
Penza viloyati ishbilarmonlari bilan jami 40 million dollarlik shartnomalar tuzildi. Hozirda bu kelishuvlarni amalga oshirishga kirishilgan.
Bu loyihalar doirasida yilning birinchi yarmida 11 million 300 ming dollar miqdorida investitsiya o‘zlashtirildi. Ko‘zda tutilgan loyihalarning amalga oshirilishi bilan Nurobod osmonga termulgan lalmi hududdan sanoat ishlab chiqarish yo‘liga o‘tgan tumanga aylanadi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.