Nurobod shaharchasida issiq suv ta’minoti e’tiborimizda

1.Saylov okrugingizda 2020 yilda qanday loyihalar rejalashtirilgan? Ular ijrosiga kirishilganmi?
Joriy yilda saylov okrugi bo‘yicha hududiy dastur asosida umumiy qiymati 482,7 milliard so‘mlik 21 ta loyiha amalga oshirilishi va buning evaziga 558 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan. Joriy yilning 1 iyun holatida 49,7 milliard so‘mlik 9 ta loyiha amalga oshirilib, 101 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

Bundan tashqari, 12 million dollarga teng xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi belgilangan. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida 4,1 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan.

Joriy yilda Sazag‘on mahallasidagi “Mirankul Construktion Materials LTD” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 34 milliard 637,7 million so‘mning oval shaklidagi usti yopiq ishlab chiqarish sexlari, omborxonalar va stadionlar hamda uy-joylarning poydevor, bostirma va fasad tizimlarida ishlatiladigan mahsulotlar loyihasi amalga oshirildi. Natijada 30 ta yangi ish o‘rini yaratildi.

2. Deputat sifatida bevosita o‘zingiz saylangan saylov okrugida mahalla yoki mehnat jamoasida qanday tadbir o‘tkazdingiz?

Davlatimiz rahbarining mamlakatimizda yuzaga kelgan epidemiologik holat bilan bog‘liq bir qancha qaror va farmonlarining nafaqat saylov okrugi, shu bilan birga Nurobod tumanidagi ijrosini deputatlik nazoratiga olganman. Bu borada aholiga, tadbirkorlik sub’yektlariga berilayotgan imkoniyat va yengilliklarning mohiyati haqida o‘nlab uchrashuv hamda muloqotlar o‘tkazdim.
Bundan tashqari, Ulus saylov okrugi hududidagi 18 ta mahallada istiqomat qilayotgan 200 oilaga, yolg‘iz, kam ta’minlangan faxriylarga 13 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

3. Siz tomoningizdan yuborilgan oxirgi deputatlik so‘rovining mazmuni va natijasini sharhlang?
Nurobod shaharchasidagi saylovchilar issiq suv ta’minoti talab darajasida emasligi haqida murojaat qildi. Fuqarolarning murojaatlarida bayon etilgan kamchiliklarni bartaraf etish va aholiga shartnomada ko‘rsatilgan tartibda xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish bo‘yicha deputatlik so‘rovi yubordim.
Ta’minotchi korxona zarur chora-tadbirlarni amalga oshirdi, aholi tomonidan ko‘tarilgan muammo hal etildi.

Yorqin Shakarov,
40-Ulus saylov okrugidan Samarqand viloyat Kengashi deputati.