Nurobodda bayram shukuhi

Yurtimizda Vatanimiz mustaqilligining 28 yillik shodiyonasi shukuhi kezib yuribdi. Odamlar ko‘nglida, yuzida eng ulug‘, eng aziz bayramga xos kayfiyat.

Nurobod tumani markazida erta tongdan yangragan karnay-surnay sadolari katta-yu kichikni “Mehnat o‘yingohi”ga chorladi.

Tuman hokimi F.Zoirov yig‘ilganlarni bayram bilan qutlab, hududda amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof qildi.

Ta’kidlandiki, joriy yilning o‘tgan davrida investitsiya dasturiga ko‘ra 2 ta tibbiyot, 3 ta maktab, 5 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi, yopiq turdagi sport inshooti, yoshlar markazi, kam ta’minlangan oilalar uchun 9.4 milliard so‘m mablag‘ evaziga 58 ta arzon uy-joylar qurilib foydalanishga topshirildi.

Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 9,3 millard so‘mlik 6 ta yangi suv inshooti, Respublika ahamiyatiga ega “Nurobod-Nurbuloq-Ishtixon" avtomobil yo‘lining 0-31 kilometr qismida 25 milliard so‘mlik joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Tumandagi ichki yo‘llarning 6,2 kilometrida 9 ta loyiha asosida qiymati 1,2 milliard so‘mlik ishlar yakuniga yetkazildi.

Kun kech bo‘layotgan bo‘lsa-da, hech kimning o‘yingohdan ketgisi kelmayapti. Chunki tuman madaniyat bo‘limi, folklor etnografik jamoalarining badiiy chiqishlari, milliy o‘yinlar namoyishi barchaga zavq ulashmoqda.