Nurobodda sement, lift va eskalator ishlab chiqariladi
Joriy yilda Nurobod tumanida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish bo‘yicha 191,2 millard so‘mlik 26 ta loyiha amalga oshirilishi, natijada 545 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Bu borada o‘tgan 8 oyda 84,6 milliard so‘mlik 14 ta loyiha amalga oshirildi.
Alohida qayd etish lozimki, 12 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishi rejalashtirilgan. O‘tgan davr mobaynida tuman iqtisodiyotiga qariyb 5 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritilgan.
Albatta, rejalashtirilgan ishlarimiz bosqichma-bosqich amalga oshirilishi natijasida kiritilgan investitsiya miqdori ortib boraveradi. Misol uchun, "Maroqand sement invest" mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 30 million dollardan ziyodni tashkil qiladi. Loyiha to‘la ishga tushgach, sement ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 100 kishi ish bilan ta’minlanadi.
Bundan tashqari, 9,5 million dollardan ko‘proq xorijiy investitsiyani o‘zlashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 3,2 million dolarga yaqin chet el investitsiyasi o‘zlashtirildi. Bunda "Shyolkovo-Agrohim Usbekistan" mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona tomonidan 1,67 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritilib, 80 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Amalga oshirilayotgan loyihalar bugungi kungacha tumanda ishlab chiqarilmagan mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yishga qaratilgani bilan ham ahamiyattli.
Jumladan, joriy yilda ishga tushiriladigan loyihalar samarasida "Mirankul Conctruction Materials LTD" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan kabel yo‘laklar, metal shpalerlar, ventilyasion tizimlar, elektr shitlar va kesishuvchi sterjenli konstruksiya tizimlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, "OIL EXTRATION" mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona tomonidan har xil turdagi plastmassa mahsulotlar, "SAN AGROHIM" hamda "Shyolkovo-Agrohim Usbekistan" mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonalari o‘simliklarni himoya qiluvchi kimyoviy mahsulot va vositalar tayyorlaydi.
"Gold Brend Elevator" mas’uliyati cheklangan jamiyati esa lift, eskalator va metall karkas (sinch) ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.
Shuhrat QORAYeV,
Nurobod tumani hokimi o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i.