Nuroboddagi ikki yil oldin qurilgan asfalt yo‘lni sel yuvib ketdi: Bu haqda aholi mutasaddilarni ogohlantirgan edi

 

Nurobod tumanining Ag‘ron mahallasida ikki yil oldin qurilgan asfalt yo‘lni bugun sel yuvib ketdi.

Gap shundaki, shu mahallada yashovchi aholi tomonidan mazkur asfalt sel yo‘li ustiga qurilayotgani va suv o‘tishi hisobga olinmasa shuncha mehnat havoga uchishi mumkinligi aytilgandi.

Xususan, shu hududda yashovchi Xolmurod Soriyevning quyidagi fikrlari saytimizda mutasaddilar e’tiboriga havola etilgandi:

“Nurobod tumani "Ag‘ron" MFY hududidagi 55-umumta’lim maktabiga olib boradigan yo‘lning ta’mirlangan qismi (100 metrcha bo‘lsa kerak) ham yo‘l, ham ko‘prik vazifasini o‘taydi. Sababi, agar ko‘proq yomg‘ir yog‘ib qolsa aynan shu yerdan sel keladi, katta miqdordagi suv oqib o‘tadi. Lekin ko‘prik bo‘lishi uchun yo‘l yo osma bo‘lishi yoki yo‘lning ostiga suv oqib o‘tishi uchun maxsus suv o‘tkazgich yotqizilishi lozim.

Afsuski, bu yerda bunday holatni uchratmaysiz. Biror kun agar kuchli yomg‘ir yog‘ib, sel kelsa, bu antiqa "yo‘l-ko‘prik"dan asar ham qolmaydi. Demakki, yo‘l bilan birga millionlab byudjet mablag‘ini ham sel “yuvib” ketadi.

Holatni ko‘rib, "Bu "yo‘l-ko‘prik"ni mutaxassis loyihalashtirganmi yoki bu sohani umuman tushunmaydigan kishimi?", deb o‘ylab qolasan kishi. Ushbu qurilishdagi bu holat bo‘yicha Nurobod tumani mas’ul rahbarlaridan tushuntirish berishini kutib qolamiz”.

Tahririyat: Mazkur maqola chop etilgach, yo‘l ostidan quvur chiqqani muammoga yechim topilgani xabar berilgandi. Afsuski, mutasaddilar shunchaki aholiga tasalli bergan ko‘rinadi. Xo‘sh, odamlar xatovir olgan ish sodir bo‘ldi, rostdan ham sel yo‘lni yuvib ketdi. Endi buning uchun kim javob beradi?