Nuroboddagi nosoz yo‘l shu yil oktyabr oyiga qadar ta’mirlanishi aytildi
Kecha, 5 mart kuni telegram kanalimizda "To‘rt kilometr yo‘limizga tosh-shag‘al to‘kib, duomizni oladigan mutasaddi topolmayapmiz" sarlavhasi ostida murojaat e’lon qilingan edi.
Holat yuzasidan Nurobod tumani hokimligi axborot xizmati munosabat bildirdi:
"Mazkur murojaat tuman hokimligi hamda tuman obodonlashtirish boshqarmasi mas’ullari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqildi.
Chorvador mahallasi, Hazarmali qishlog‘ining ichki xo‘jalik yo‘llari davlat dasturlari asosida 7 kilometr, «Tashabbusli byudjet» mablag‘lari hisobidan 7,7 kilometr, hashar orqali 0,3 kilometr ichki tuproq yo‘llari tosh-shag‘al qoplamali yo‘llarga aylantirilgan.
Videolavhadagi ichki ta’mirtalab tuproq yo‘li Hazarmali qishlog‘ini Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidagi Hardiri qishlog‘i bilan bog‘lovchi ichki xo‘jalik yo‘li bo‘lib, uning jami uzunligi 11 kilometrni tashkil etadi.
Bugungi kunda mazkur yo‘lning 7,7 kilometr qismi ta’mirlangan, qolgan 3,3 kilometr qismi ta’mirtalab ahvolda.
Ushbu ta’mirtalab 3,3 kilometr ichki xo‘jalik yo‘li manzilli dasturlar asosida joriy yilning uchinchi chorak yakuniga qadar tosh-shag‘al qoplamali yo‘llarga aylantirilishini ma’lum qilamiz".