Nurobodlik mas’ullarning mas’uliyatsizligi yoshlar muammosi hal etilmasligiga sabab bo‘lyapti
Bundan ikki yarim yil avval ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgan Nurobod tumani yoshlari bilan bog‘liq “eski noutbuk” voqeasi hali ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak.
O‘shanda viloyat hokimi bunday achinarli holatdan mas’ullar xulosa chiqarishi lozimligini aytgan, ayrim mutasaddilar egallab turgan lavozimidan ozod etilgandi. Afsuski, tumanda bugun ham yoshlarga e’tibor sust ekanligi ma’lum bo‘lyapti.
Joriy yilda o‘tkazilgan xatlov natijasi va shakllantirilgan “yoshlar balansi”ga ko‘ra, tumandagi 41 ming 732 nafar yoshning 29 ming 553 nafari “yashil”, 12 ming 179 nafari “sariq”, 604 nafari esa “qizil” toifada ekanligi aniqlangan. Shundan kelib chiqib, 604 nafar og‘ir toifadagi yoshga 23 nafar mas’ul, 16 ming 463 nafar otaliqqa olingan yoshga esa mudofaa va huquq-tartibot organlarining 44 nafar xodimi biriktirilgan.
Aynan shu masala bo‘yicha yaqinda olib borilgan nazorat tadbirlari natijasiga ko‘ra bir qator kamchiliklar aniqlangan va bu viloyat hokimi ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda atroflicha muhokama qilindi.
Masalan, Olg‘a, Nurafshon va Sahoba mahallalariga biriktirilgan tuman qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan otaliqqa olingan yoshlar bilan 2 oydan beri umuman uchrashuvlar o‘tkazilmagan.
Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi rahbari o‘ziga biriktirilgan Omondara mahallasida og‘ir toifadagi 11 nafar hamda ishsiz 8 nafar yosh bilan o‘tgan 9 oy davomida bir marta ham uchrashmagan.
Jarquduq mahallasiga biriktirilgan tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari ham 9 nafar og‘ir toifadagi hamda 14 nafar ishsiz bo‘lgan yoshning holidan xabar olmagan.
Shuningdek, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri o‘ziga biriktirilgan Mash’al mahallasida yashovchi 21 nafar yosh bilan, Xalq banki tuman filiali boshqaruvchisi Girdiqo‘rg‘on mahallasida yashovchi 5 nafar yosh bilan uchrashmaganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, otaliqqa olingan yoshlarga biriktirilgan tuman adliya, ichki ishlar bo‘limlari va milliy gvardiya xodimlari tomonidan huquqiy savodxonlikni oshirish bo‘yicha seminarlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tanlov va musobaqalar tashkil etilmagan.
- Mahallamizda yashovchi “qizil” toifadagi yoshlar bilan uchrashib, muammolariga yechim topishda ularga yaqindan ko‘maklashish uchun tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri biriktirilgan edi, - deydi Mash’al mahallasi yoshlar yetakchisi Oybek Abdug‘aniyev. – Uning o‘rniga bo‘lim xodimi kelib, yoshlar bilan uchrashdi, ammo natija ko‘zga tashlanmadi. Yig‘ilishda viloyat hokimi shu masalani o‘rtaga tashlagandan keyin Latif Karimov kelib, o‘ziga biriktirilgan har bir yosh bilan uchrashdi va ularning muammolarini tingladi.
Shuningdek, yig‘ilishda ta’kidlanganidek, yil boshidan 748 nafar yigit-qiz “yoshlar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, 568 nafarigagina amaliy yordam ko‘rsatilgan.
- 2023 yilda 1720 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritilib, barchasining murojaati qanoatlantirilgan, - deydi tuman yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i Asomiddin Ziyotov. – Joriy yilda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarning 30 foizi hali ro‘yxatdan chiqarilmagani rost. Bunga yoshlarga subsidiya asosida uskunalar olib berish uchun mahalliy byudjetdan orttiriladigan mablag‘ni shakllantirish, murojaatlarni joyiga borib o‘rganish, yer ajratishda auksion bilan bog‘liq bo‘lgan tushunmovchiliklar sabab bo‘ldi. Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rilyapti.
Yig‘ilishda “Yoshlar daftari” bilan ishlash bo‘yicha 9 ta mahallaning reyting ko‘rsatkichi pastligi aytilgan.
- Viloyat hokimi tomonidan tanqid qilingan 9 ta mahallaning yoshlar yetakchilari faoliyati o‘rganib chiqildi, - deydi Asomiddin Ziyotov. – Bu yetakchilar orasida o‘tgan ikki yarim yillik faoliyati davomida yaxshi natija ko‘rsatgan, viloyat va respublika tanlovlarida qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritganlari ham bor. Shuningdek, yoshlar bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan yetakchilar ham yo‘q emas. Masalan, zamonaviy texnologiyalardan foydalanishda, onlayn platformalar bilan ishlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgan va ularning shu kabi xatolari sababli yoshlar muammolari hal etilmay qolayotgani uchun Saroy va Jom mahallalari yoshlar yetakchilari vazifasidan ozod etildi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda Mash’al mahallasi ikkinchi bor tilga olindi. Ya’ni, “Yoshlar daftari” bilan ishlash ko‘rsatkichi past bo‘lgan to‘qqiztalikda aynan shu mahalla ham bor edi.
- Faoliyatim tanqid qilinganidan afsusdaman, - deydi mahalla yoshlar yetakchisi Oybek Abdug‘aniyev. – Ish boshlaganimdan beri biror marta kamchilikka yo‘l qo‘ymagandim. Shuning uchun bu holatdan hayratlandim ham. Nega, degan savolni berdim o‘zimga o‘zim. Chunki men qaysidir yoshni "daftar"ga kiritishdan avval uning imkoniyatlarini o‘rganaman. Masalan, 2023 yilda ishsiz yosh Shahzod O‘rinboyev subsidiya asosida noutbuk olish uchun “daftar”ga kiritilishini va kelgusida avtomobillarga kompyuter diagnostika xizmati ko‘rsatishini istayotganini aytdi. U bilan suhbat qilganimda hali bu yo‘nalishda o‘qimaganligini, ammo qiziqishi borligini bildirdi. Unga avval “Monomarkaz”da o‘qib kelishini, keyin esa noutbuk uchun subsidiya ajratilishiga ko‘maklashishimni bildirdim. Shahzod avval o‘qidi, keyin “daftar”ga kiritilib, subsidiya asosida noutbuk olishga erishdi va faoliyatini boshlab, bugungi kunda oyiga ming dollar atrofida daromad qilyapti.
Joriy yilda mahalladagi 23 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va ularning 6 nafari “daftar”da turganligi uchun yig‘ilishda tanqid qilingandi.
- 6 nafar yoshning birini ishga joylashtirish natijasida "daftar"dan chiqarishga erishdik, - deydi Oybek Abdug‘aniyev. - Ammo 5 nafari subsidiya asosida uskuna olish maqsadida murojaat qilgani uchun bu masala hal etilmay turibdi. Bu birgina men faoliyat olib borayotgan mahalladagi emas, tuman miqyosidagi masala.
- Tikuvchilik bilan shug‘ullanish uchun 3 oylik o‘quv kursini tamomlab sertifikat oldim, - deydi Yangiqishloq guzarida yashovchi To‘lg‘onoy Usanova. – Mahallamizdagi yoshlar yetakchisi maslahati bilan subsidiya asosida tikuv mashinasi olishim mumkinligini eshitib xursand bo‘ldim. Uning yordamida “Yoshlar daftari”ga kiritildim. Mana, oradan 3 oydan ziyod vaqt o‘tdi, ammo haligacha menga uskuna berilmadi.
Tumandagi mas’ullar nega o‘zlariga biriktirilgan yoshlarga e’tiborsiz ekanligi, nima uchun “Yoshlar daftari”dagilarga ko‘mak ko‘rsatilishi sustligi bo‘yicha tuman hokimligi mutasaddilarining munosabatini bilishni istadik. Afsuski, ularni ish joyidan topish qiyin bo‘ldi. Tuman hokimining o‘rinbosari Sirojiddin Xo‘jamiyarov bilan bir amallab telefon orqali bog‘langanimizda, u intervyu berishni xohlamadi.
Tuman axborot xizmati rahbari ham savollarimizga mas’ullardan javob olib berishning uddasidan chiqmadi.
Xayriyatki, ko‘rsatuv kanalimizga joylanguniga qadar, ular munosabat bildirishdi.
- Og‘ir toifadagi yoshlar bilan ishlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan, - deydi berilgan munosabatda Sirojiddin Xo‘jamiyarov. – Mas’ullar bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, yoshlar bilan uchrashdi. Ularga nisbatan choralar ko‘rilyapti. Shuningdek, tumanda 84 nafar yoshga subsidiya asosida asbob-uskunalar yetkazib berilmagan. Bu boradayam tuman mahallabay ishlash bo‘limi bilan hamkorlikda ishlar amalga oshirilmoqda.
Ammo bu munosabat yoshlar muammolariga yechim degani emas...
Jasurbek ShUKUROV,
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV.