Nusrat Rahmat: Jadidlar safida turib

Yaqin o‘tmishda adabiyotshunoslar Sadriddin Ayniyni sotsialistik realizmning yirik arbobi, deb yozishardi. Aslida Sadriddin Ayniy tom ma’noda jadid edi. Asoslarga e’tibor bering: 1915 yili Buxoroda Abdulvohid Munzim bilan hamkorlikda yangicha maktab ochgan va ilk bor "usuli jadid" maktablari uchun "Tahsib ussibo" ("Bolalar tarbiyasi") nomli kitob yozgan va aynan shu faoliyati uchun amir qahriga uchrab, Samarqandga yo‘l olgan Sadriddin Ayniydir. Samarqandda uni Mahmudxo‘ja Behbudiyning shogirdlaridan biri Ismatullo Rahmatullo kutib olib, uyidan joy beradi, keyinroq jadid Vadud Mahmudning singlisiga uylantirishadi. Bu orada Turkiston jadidlarining otasi bo‘lmish Behbudiy uni o‘z qanoti ostiga oladi.

"Buxoro jallodlari", "Qullar"ni o‘qing – jadidlarni qanday ulug‘laydi, ular to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar beradi yozuvchi. To‘g‘ri, "Qullar"da kollektivlashtirish mavzusiga ham keng o‘rin beradi. Ammo kollektivlashtirish mavzuida o‘sha davrning aksar peshqadam yozuvchilari – Mixail Sholoxov ("Ochilgan qo‘riq"), Abdulla Qodiriy ("Obid ketmon"), Oybek ("Oltin vodiydan shabadalar"), Abdulla Qahhor ("Sarob") asarlar  bitishdi. Kollektivlashtirish o‘sha davrning zarur talablaridan biri bo‘lib, adiblar bu kurashni qalamga olishlari tabiiy hol edi. Ammo hamma gap shundaki, kollektivlashtirish inson qoni va joni hisobiga amalga oshirildi. Agar siz yuqorida tilga olingan asarlarni bugunning nuqtai nazaridan turib o‘qisangiz, zulm va istibdodlar satrlar qatiga juda mahorat bilan joylanganiga guvoh bo‘lasiz. Keling, "Qullar"ga qaytaylik. Qariyb 500 betdan iborat bu qamrovli asarning atigi 48 sahifasi ruslar bosqinigacha bo‘lgan davrga bag‘ishlanadi. Qolgani Oktyabr to‘ntarilishi, kollektivlashtirish haqida. Xo‘sh, nega unday bo‘lsa, asarning nomi "Qullar"? Bu – o‘sha paytda qul bo‘lib qolganimizga sha’ma emasmikan?! To‘g‘ri, romanda etikdo‘z Jugashvili o‘g‘liga ham hamdu sanolar bor. Ammo asar tariximizning eng qora davri bo‘lmish o‘ttizinchi yillarning o‘rtalarida yozilganini hisobga olsak, buyuk adibni tushunganday bo‘lamiz. Bu romanda kollektivlashtirish yillaridagi adolatsizliklar, begunoh odamlarning quloq qilinishi, shafqatsizlik aks ettirilgan deyish mumkin.

"Qullar" o‘zbek tilida yozilib, so‘ng muallif tomonidan tojikchaga tarjima qilingan. Masalan, "Sudxo‘rning o‘limi"ni Lui Aragon jahon adabiyoti durdonalari qatoriga qo‘shganidan xabardormiz. Bu asar Fransiyada uch marta nashr etilgan. Adibning Samarqanddagi uy-muzeyida mazkur asarning o‘nlab tillardagi nashrlarini ko‘rish mumkin. 
Sadriddin Ayniy Buxoroda tug‘ildi, Samarqandda ijod qildi, Dushanbeda dafn etildi. U chinakamiga ikki xalq farzandidir. Adib o‘zbek tilida bitgan asarlarini peshma-pesh tojikchaga yoki tojik tilida bitgan asarlarini zudlik bilan o‘zbekchaga o‘girgan. Hatto ilmiy ishlarini ham.

 Ayniy domla Tojikiston Fanlar akademiyasining birinchi prezidenti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining faxriy a’zosi bo‘lgan. Sadriddin Ayniyning doktorlik dissertatsiyasi Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan. 1948 yili Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan kitobi ham chop etilgan. Ungacha esa Firdavsiy, Abu Ali ibn Sino, Rudakiy, Shayx Sa’diy haqidagi asarlari chiqqan. Bu borada ham atoqli adib ikki xalqning ma’naviyatiga xizmat qilgan olimdir.

1978 yili Sadriddin Ayniyning yuz yilligi YuNESKO doirasida Dushanbe va Toshkentdan tashqari, Parij, London singari o‘nlab mamlakatlarning poytaxtlarida nishonlangan edi. Mustaqilligimiz e’lon qilingandan keyin hukumatimiz tomonidan Sadriddin Ayniyning "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan taqdirlanishi ulug‘ yozuvchining xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlariga berilgan munosib bahodir.

Nusrat RAHMAT,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.