Nusrat Rahmat: “Tanqidchilarimiz hali kompyuterda ishlashni o‘rganmaganga o‘xshashadi”

Endi gonorar, ya’ni qalam haqi masalasiga andak ravshanlik kiritmoqchiman. Taraqqiy etgan mamlakatlarda bu soha ancha yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. U yerlarda yozuvchi asarni yozgandan keyin uni nashrga yoki adabiy saytlarga joylashtiradigan agent bilan bog‘lanadi. Agent degani yozuvchi bilan shartnoma tuzadi. Masalan, Rossiyada bir bosma toboq 1800 rubl atrofida baholanadi. Yevropa mamlakatlarida bu narx ancha baland ham. Shartnoma bo‘yicha asar to‘lasincha agent hisobiga o‘tishi va uni (muallif nomi bilan, albatta) istagan nashriyot yoki saytga sotishi hamda foyda olishi mumkin. Bunday holda yozuvchi asarni o‘zga nashriyot yoki saytga berish huquqiga ega bo‘lmaydi. Ikkinchi varianti, agent kitobni nashriyot yoki adabiy saytga topshirib, foydaning 15 foizini oladi. Qolgan pul yozuvchi va sotuvchi (nashriyot yoki sayt sohibi) orasida taqsimlanadi.

Gohida yozuvchining o‘zi ham nashriyot va saytga topshirib, qalam puli ishlashi mumkin. Yozuvchi Sergey Lukyanenko o‘zining "Nochnoy dozor" romaniga elektron kitoblaridan 5000 dollar, nashriyotlardan esa undan ko‘proq haq olganini yozadi. Lekin buning tashvishlari, xarajatlari ham anchagina bo‘lar ekan.

Har holda, bunday sharoitda yozuvchi qalam haqi bilan ro‘zg‘or tebratishi mumkin bo‘ladi. Bizda esa adabiy saytlarda qalam haqi olish mexanizmi endi boshlanyapti. Masalan, "Kitobim.com" sayti mualliflarning qog‘oz va elektron kitoblarini sotib berishni boshladi.

O‘sha chet mamlakatlarda ham nomdor yozuvchilar bilan birga kompyuterni obdon o‘zlashtirganlar, shu bilan birga, korchalonlar yaxshi gonorar ishlayotganini yozishdi. Bizning adabiy xo‘jaligimizda ham yaqin yillarda shunday manzara yuz berishi tabiiy.

Adabiy saytlar va "Facebook"da talay yangi asarlar ham e’lon qilindi. Ammo ularga baho berilmadi. Nazarimda tanqidchilarimiz ham hali kompyuterda ishlashni o‘rganmaganga o‘xshashadi.

Millatning yo‘lchi yulduzlari – yozuvchilar, shoirlar, tanqidchilar dunyo tamadduni va taraqqiyotidan ortda qolishga haqli emaslar.

"Fayzibog‘" – bizniki. Uning mavqei, obro‘sini oshirish ham o‘zimizning zimmamizga tushadi. Klavishni bosayotganimizda ana shu mas’uliyatni unutishga haqli emasmiz.

Do‘stlar! Dunyo – g‘animat. Loaqal "Fayzibog‘"da uchrashib turaylik, undan uzoqlashib ketmaylik! Bir-birimizni yaxshi ko‘raylik, qadrlaylik!

Nusrat RAHMAT.