Nusrat Rahmatni yo‘qlab

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi, birinchi darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi Nusrat Rahmat xonadonida bo‘ldik.

Nusrat aka istiqomat qilayotgan Samarqand tumanidagi Qo‘shmachit qishlog‘i shahardan uncha olis emas. Ochiq darvozadan kirar ekanmiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi raisi F.Toshev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, viloyat “Ovozi Samarqand” gazetasi bosh muharriri B.Rahmonovni ko‘rgan Nusrat aka suyunib ketdi.

- Hizrni yo‘qlasam bo‘larkan, hozirgina shogirdlarimni eslab turgandim, sizlar keldinglar, - deya darvozadan peshvoz chiqdi va "Qani, marhamat!", deya o‘zining ijod uyiga, uy-muzeyi tomon boshladi.

Mo‘jazgina bo‘lsa-da uy-muzeyida saqlanayotgan eksponatlarnigina emas, balki ustozning bir olam mehrini ko‘rdik. U yerda bo‘lsangiz haqiqiy ijodkorga zavq beradigan olamga tushganday sezasiz o‘zingizni.

Bizning ustozni yo‘qlashimizga ham sabab bor edi: yangi namunadagi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zolik guvohnomasini hamda ko‘krak nishonini O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi O.O‘sarov nomidan topshirdik. Jurnalistikaga oid kitoblar berdik. Bir piyola choy ustida suhbatlashdik, 1970-80 yillardagi jurnalistikaning og‘ir mehnatini, mashaqqat bilan gazetalar chop etilganini esladi. F.Toshev  bugungi o‘zgarishlar, yangiliklar, tahririyatlar, uyushma viloyat bo‘limining faoliyati, moddiy-texnik bazasi yaxshilanayotgani haqida gapirdi.    

Qaytar chog‘imiz Nusrat Rahmat bugungi tinch zamonda, dorilamon kunda yashayotganimizdan, jurnalistikaning buguni va ertasi rivoj topayotganidan mamnunligini bildirdi, ezgu niyat va duo qildi.

Husan Eltoyev.