O‘qituvchilarga malaka toifasini berish bo‘yicha sinovlar 2 bosqichda tashkil etiladi
Shavkat Mirziyoyev 22 may kuni maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, boshlang‘ich sinflarda xorijiy tajriba asosida yangi o‘quv dasturi joriy qilinadi. Yuqori sinflarda o‘qitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga kamaytirilib, dasturlarning fanlararo va sinflararo integratsiyasi ta’minlanadi. Bunda 11 ta majburiy va 2 ta tanlov fani tatbiq etiladi. Yangi o‘quv yilidan informatika fani 1-sinfdan o‘rgatiladi.
Hozirda mavzularning 70 foizi kundalik hayot bilan bog‘lanmagan. Endi fanlarning amaliy mashg‘ulotlar ulushi 40 foizdan 60 foizgacha oshiriladi. Bunda mavzular aniq muammoni hal qilish orqali o‘rgatiladi, amaliyot darslari esa loyihani bajarish shaklida o‘tkaziladi.
Maktablarni malakali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida pedagoglarni sertifikatlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ya’ni, ishga kirayotgan pedagog 1 yil davomida o‘qituvchi-stajyor sifatida faoliyat yuritib, shu muddatda sertifikat olishi kerak bo‘ladi.
O‘qituvchilarga malaka toifasini berish bo‘yicha sinovlar 2 bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani bo‘yicha bilimi, ikkinchisida pedagogik mahorati baholanadi. Malaka sertifikati olgan pedagoglarning oylik maoshiga 70 foizgacha miqdorida ustama to‘lanishi mumkin.
O‘qituvchilarga malaka toifasini berish bo‘yicha sinovlar 2 bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani bo‘yicha bilimi, ikkinchisida pedagogik mahorati baholanadi. Malaka sertifikati olgan pedagoglarning oylik maoshiga 70 foizgacha miqdorida ustama to‘lanishi mumkin.
Shuningdek, bog‘chalarga malakali tarbiyachilarni jalb qilish uchun 2024 yil 1 iyundan ularning ish haqi stavkalari maktab o‘qituvchilarinikiga tenglashtiriladi.
Malakali rahbarlar muhitini shakllantirish maqsadida hududlarda eng tajribali direktorlardan iborat “Direktorlar kengashi” tashkil etiladi. Endi maktab direktorlari lavozimga mazkur kengash tavsiyasi bilan ochiq tanlov asosida tayinlanadi.