O‘quvchi maktab bog‘ida ishlashga jalb etildi bu majburiy mehnatmi yoki…?

– Oyijon, o‘qituvchimiz bizni majburlab ishlatmayapti. Aksincha, mevali, manzarali daraxtlar, gullarni parvarishlash, ularga ishlov berishni o‘rgatyapti. Axir maktabga shikoyat qilib borsangiz, meni uyaltirib qo‘yasiz-ku?!
– Dars tugagandan keyin ham uyga kelay demaysan, har safar muallimga, maktab bog‘boniga yordam qildim, deb bahona qilasan.
Ona-bola suhbatiga ota aralashdi:
– Darsdami, keyinmi, bola mehnatda toblansa, nimasi yomon, onasi? O‘g‘ling maktabda o‘rganganlari bilan hovlimizdagi bog‘ni obod qilyapti. Daraxtlar, gullarga shakl berish, ularni parvarishlashni o‘rgatgani uchun o‘qituvchisiga rahmat aytishing kerak. Sen bo‘lsa, arz qilaman, deysan.

Bugun aksariyat umumta’lim maktablarida bog‘, gulzor, issiqxonalar tashkil etilib, nafaqat o‘qituvchilar, balki o‘quvchilar ham foydali mehnatga jalb etilmoqda. Buning samarasida ta’lim dargohlari ko‘rkamlik kasb etyapti, olingan qo‘shimcha daromad muassasaning xarajatlarini qoplashga sarflanyapti. O‘z navbatida, texnologiya fani (sobiq mehnat ta’limi darsi) mashg‘ulotlari jarayonida ushbu yumushlarga o‘quvchilarning jalb etilishi ularda bog‘dorchilik ko‘nikmalari shakllanishi, o‘rgangan bilimlarini amaliy faoliyatda qo‘llashi, kasb-hunar tanlashi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida ijtimoiy munosabatlarga kirishishida qo‘l kelyapti.

Buni tushunib yetmagan ayrim ota-onalarning "Bolamni majburiy mehnatga jalb etyapsizlar", deya o‘qituvchidan, maktab ma’muriyatidan norozi bo‘layotgan holatlari ham uchrab turibdi. Bu esa o‘quvchilarning o‘z qiziqishlari bo‘yicha ongli ravishda kasb tanlashi, kasbiy moyilliklarini rivojlantirishda muammolarni keltirib chiqarmoqda.
– Texnologiya fani darslarida o‘quvchilarga turli materiallardan buyumlar yasash, tikish, to‘qish, sodda loyihalash ishlarini bajarish, mahsulotlar xususiyatlarini tavsiflash, farqlay olish, xavfsizlik texnikasi, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish kabi bir qator ko‘nikmalarni o‘rgatamiz, – deydi o‘qituvchi M.Abdurayimov. – Bunda o‘quvchilar texnologik jarayonlarda umummehnat operatsiyalarini amaliyotda qo‘llash, mahsulotlar sifatini tahlil qilish, baholash, buyumlarni konstruksiyalash, modellashtirish, zamonaviy bozor munosabatlariga moslashish, muhimi, intellektual, texnik fikrlashga o‘rganadi.

Shunday ekan, farzandlarimizning ishchanlik, faollik xususiyatlarini boyitishga, ularni tartib-intizomli bo‘lishga, mehnat madaniyati yuksalishiga xizmat qiladigan bunday mashg‘ulotlarga qatnovini cheklamaslik kerak, nazarimizda. Ayrim vaziyatlarda maktab darslaridan keyin o‘quvchining bog‘da, issiqxonada ishlashga, hashar tadbirlariga jalb etilishi bolani mehnatsevarlikka undasa, "Majburlab mehnat qildiryapsizlar", degan iddaomiz to‘g‘rimikan?

Abdug‘ofur ShERXOLOV.