O‘quvchini jazolash kerakmi?

O‘zim qariyb 40 yil ta’lim sohasida ishlaganim bois, bu haqda o‘ylab qoldim. Misol uchun, 5-6 sinflarda 2-3 nafar tartibbuzar bola bor, deylik. Bu toifadagi bolalarga yaxshi muomala, tushuntirish, suhbat usullari kor qilmasligi oqibatida yuqori sinflarda qaysarlar safi kengayib boradi. Quyi sinf o‘quvchilari nazdida ular "qahramonlar"ga aylanadilar.
Bolani urib jazolash mumkin emasdir, lekin ularga qattiqroq tanbeh berishga ustozlarning haqlari bor degan fikrdaman. Ayrim ota-onalar farzandiga og‘zaki tanbeh berib, tartibga chaqirib qo‘ygan o‘qituvchini o‘quvchilari ko‘z o‘ngida haqoratlab ketishi holatlari ko‘p uchraydi. O‘qituvchi koyigan o‘sha bola esa sinfdagi tartibbuzar o‘quvchi bo‘lib chiqadi. Dars jarayoniga xalal bergani, o‘qituvchiga bepisandlik qilgani uchun balki o‘quvchi qandaydir jazoga loyiqdir? O‘ta qaysar o‘quvchilarga, ota-onalar tomonidan o‘qituvchining obro‘sini to‘kish holatlariga nisbatan jarima qo‘llash kerakdir? 

Ne’mat ASQAROV,
Past Darg‘om tumani.