O‘zbekistonning TOP-40 taligiga kiritilgan lider ayollar - Kattaqo‘rg‘onda

Birinchi o‘zbek huquqshunos olimasi Xadicha Sulaymonova, kimyogar olima, birinchi o‘zbek ayol rassomi Zarifa Saidnosirova, adabiyotimizning yirik darg‘alari Zulfiya Isroilova, O‘zbekiston Qahramoni Suyima G‘aniyeva, xassos shoira Halima Xudoyberdiyeva, Markaziy Osiyoda birinchi o‘zbek dirijyor ayol Dilbar Abdurahmonova haqida bilasizmi?

Ularning ro‘yxatini yana uzoq davom ettirish mumkin. Shu bilan bir qatorda, bugun boshqaruv idoralarida rahbarlik qilayotgan Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidova, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, O‘zbekistonning Isroildagi elchisi Feruza Mahmudova, Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova, O‘zbekiston Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova kabi bir qator yetakchi ayollar safi ham kengayib bormoqda. Ularning bu darajaga erishishiga  bilim va qat’iy irodasi sabab bo‘lgan. 

Kattaqo‘rg‘on shahrida “Men ham rahbar bo‘laman” shiori ostida o‘tkazilgan xotin-qizlar forumi aynan yuqorida ismlari keltirilgan va boshqa o‘zbekistonlik lider ayollar bilan yaqindan tanishuv bo‘ldi. Forum nafaqat kattaqo‘rg‘onlik faollar, balki qo‘shni tuman xotin-qizlarini ham jamladi. 

- Xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibor, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan, - dedi viloyat hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi rahbari Z.Rahmonova. - Shuni tan olib aytish joizki, ushbu o‘zgarishlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar biz, rahbar ayollar, yetakchi xotin-qizlar, turli sohalarda mehnat qilayotgan opa-singillarimiz, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan uy bekalari, har bir ayolning hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugun biz mehmon bo‘lib turgan Kattaqo‘rg‘on shahri va uning hokimi Gavhar Alimova hamda u singari yana to‘rt nafar ayolning respublikamizda hokim sifatida faoliyat olib borayotganligi ham ushbu islohotlarning natijasi, deya ayta olaman.

To‘g‘ri, bugun mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga tizimli yordam ko‘rsatish yo‘nalishi ancha shakllandi. Ularni kasb-hunarga o‘rgatishdan tortib, ro‘zg‘origa daromad keltirishi, farzandlarini tarbiyalash bilan bog‘liq masalalar ham mazkur yo‘nalishdagi ishlarning uzviy bir qismiga aylandi. Ammo ba’zida bilimga chanqoq qizlarning biz bilgan sabablarga ko‘ra o‘z iqtidorini namoyish etishga imkonsiz qolishi holatlarini kuzatamiz. Shuning uchun jamiyatda, oilada xotin-qizlarga munosabatni o‘zgartirish, ularning oiladagi o‘rnini yo‘qotmagan holda jamiyatdagi faolligini qadrlash lozim.  

Kattaqo‘rg‘on shahrida majud bo‘lgan bu kabi ma’naviy-ijtimoiy muhit boismi bugun bu yerlik xotin-qizlar o‘zlarining faolliklari, tashabbuskorliklari bilan ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik yo‘nalishida mehnat qilib, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda munosib hissa qo‘shib kelyapti.

Bugun Kattaqo‘rg‘on shaharda 96 ming nafardan ortiq bo‘lgan aholisining 51 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi. 370 nafar xotin-qizlar boshqaruv sohasida, 14 nafari shahar va viloyat kengashi deputati, 700 nafari maktab, 800 nafarga yaqini maktabgacha ta’lim, 63  nafar oliy ta’lim, 1000 nafardan ortiq sog‘liqni saqlash va boshqa turli sohalarda faoliyat yuritib kelmoqda. Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida 100 nafar faol xotin-qizlar zaxiraga olingan.  

Kattaqo‘rg‘on shahrida Samarqand davlat universiteti filiali tashkil etilishi azaldan ilmga chanqoq aholining olimlar davrasiga qiziqish va intilishi yanada ortdi. 

Anjumanda umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan yuqori sinf o‘quvchilari, Samarqand davlat universiteti talabalari tomonidan O‘zbekistonning TOP-40 taligiga kiritilgan lider ayollar faoliyati va siymosi gavdalantirildi.

- Qizlar tariximizda o‘tgan mashhur ayollar siymosidan tortib, bugun ham zahmatli mehnati bilan jamiyat hayotiga hissa qo‘shayotgan olima va lider ayollarni gavdalantirishda ancha izlanishdi, -  deydi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari Shahlo Botirova. – Ba’zilari mamlakatimizda shunday nufuzli tashkilotlarni boshqarayotgan yoki xalqaro doirada nufuzga ega olimalarimiz borligidan shu tadbirga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida tanishdilar. Bu ularga o‘ziga xos motivatsiya bo‘ldi. Kattaqo‘rg‘ondagi rahbar ayollar bilan muloqot olib borildi. Xuddi shunday anjumanlarni ta’lim muassasalari doirasida ham o‘tkazishga kelishib oldik.   

Gulruh MO‘MINOVA.