Obi Mashhad arig‘ining Eronning Mashhad shahri bilan qanday yaqinligi bor?
Obi Mashhad arig‘i Samarqand shahar Galaosiyo mahallasining Ko‘priki Mirzo (Mirzo Ulug‘bek qurdirgan ko‘prik)da Qorasuv bilan qo‘shilishidan hosil bo‘lgan. Aslida ariq Shaar arig‘idan boshlanib, Nayzatepa, Sho‘rboi, Ravonak, Sochak, Badal qishloqlari bo‘ylab Qorasuv arig‘iga qo‘shilgach, Afrosiyob xarobalari, Shohi Zinda majmuasi va Xo‘ja Doniyor qabri yonidan Zarafshon daryosi tomon oqib o‘tadi.
Qadim zamonlarda Obi Mashhadning tevaragida to‘qayzorlar, tepalik va g‘orlar bo‘lib, ularda ko‘plab yovvoyi hayvonlar va parrandalar yashagan. Shu tufayli ovchilarning maskani hisoblangan.
Abu Tohirxoja Samarqandiyning «Samariya» asarida Obi Mashhad arig‘i to‘g‘risida qisqacha so‘z boradi. Unda Obi Mashhad arig‘i Samarqand shahar Siyob hududining chekkasida ikki mil (taxminan 5 chaqirim) uzoqlikdan oqib o‘tadi, deyilgan. Shuningdek, boshqa tarixiy manbalarda «…Ko‘hak (Zarafshon) daryosi Samarqand shimolidan oqib keladi. U ikkita katta daryo hisoblangan Oqdaryo va Qoradaryo hamda shaharga qaragan o‘nlab ariqlarga bo‘linadi. Bu ariqlar shaharni janub, sharq va g‘arb qismidan kirib borgan. Shulardan Samarqandning sharqiy qismidan kirib borgani Jo‘yi Chokardiza, deb atalgan va hozirgi Qalandarxona mavzesi yonidan oqib o‘tgan. Qolgan ikki ariq Jo‘yi Mazoxin deb nomlanib, uning 45 ta shoxobchasi bo‘lgan va ularning har biri Obi Mashhad chashmasi bo‘lib, u shaharning janubi-sharqiy tomonidan kelib shahar devori va Afrosiyob qo‘rg‘oni tagidan o‘tadi hamda Siyahobda quyiladi. Aytishlaricha, Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning amakivachchasi bo‘lmish Qusam ibn Abbos ushbu chashma-buloq yoqasida kofirlar tomonidan yaralangan va uning yaqinidagi chohga kirib ketganlar. Shuning uchun kishilar tomonidan «Mashhad» (shahid bo‘lgan joy) deb nomlangan ekan», deyilgan.
Boshqa ma’lumotlarga qaraganda, Eron viloyatining Mashhad shahridan oqib kelgan daryo suvlari ushbu chashmaga qo‘shilganligi bois «Obi Mashhad» deb nomlangan ekan. Rivoyatlarga qaraganda, odamlar ko‘pincha ushbu chashma-buloq yoqasida Hazrati Xizrga yo‘liqib murodlariga yetar ekanlar. Bu chashma suvi juda shifobaxsh bo‘lib, ko‘p dardman kishilar dardiga shifo bo‘lgan ekan. Chor Rossiyasi O‘rta Osiyoni bosib olgandan so‘ng mahalliy kishilar hashar bilan Obi Mashhad arig‘i ustiga g‘ishtdan ko‘prik qurdirib, uning o‘ng tomonida besh qavatli imorat solganlar. Hozirga qadar bu imorat somon bozori oldida joylashgan bo‘lib, tamaki ishlab chiqarish korxonasi sifatida foydalanib kelingan.
Yana bir rivoyatda Kaftarxona va Pulimo‘g‘ob qishlog‘i o‘rtasidan o‘tuvchi Mashhad arig‘i ustiga ko‘prik qurilgan bo‘lib, u Pulimo‘g‘ob ko‘prigi deb atalgan, deyiladi. «Pulimo‘g‘ob» so‘zi sug‘d tiliga xos bo‘lib, tekis, o‘rtasi bo‘sh degan ma’noni bildiradi. Bundan suv ustida qurilgan tekis ko‘prik degan ma’noni anglash mumkin. Bu ko‘prik Kaftarxona mahallasining chekka qismida bo‘lib, boshqa shaharlardan keladigan savdo karvonlari shu ko‘prik va Kaftarxona orqali shaharga kirib borganlar. Pulimo‘g‘ob ko‘prigida ishlatilgan qadimiy pishiq g‘ishtlar uning ko‘p asrlik tarixiga ega ekanligidan dalolat beradi.
Tal’at ABDULLAYeV.