“Obod qishloq” dasturi asosidagi ishlar tizimli olib borilmoqda
#zarnewsuz_ga_javob_beradilar
17 may kuni “Zarnews.uz” telegram kanali orqali “Obod mahalla” davlat dasturidagi ishlar hamon bajarilmayapti” sarlavhasi ostida Oqdaryo tumani Yangiravot-2 mahallasi Uklan qishlog‘idan yo‘llangan murojaat e’lon qilindi.
Holat yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, Yangiravot-2 mahallasi Uklan qishlog‘ida “Obod qishloq” dasturi asosida bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari tizimli ravishda bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, obodonlashtirish ishlari doirasida qishloq hududidagi 36-umumiy o‘rta ta’lim maktabi atrofiga temir panjaralar o‘rnatildi, aholi xonadonlari va tomorqalari obodonlashtirildi, asosiy ko‘cha chetida 1,5 kilometr uzunlikda piyodalar yo‘lakchasi bunyod etilmoqda.
Shuningdek, qishloqda 7,8 kilometr uzunlikda 16 ta ichki yo‘l mavjud bo‘lib, shundan 7,8 kilometr uzunlikdagi tuproq yo‘llariga shag‘al tosh yotqizish ishlari amalga oshirildi. Hozirda olib borilayotgan aholi xonadonlariga suv tarmog‘i tortish ishlari yakunlangach, qishloq yo‘lining 3 kilometr masofadagi qismida asfalt yotqiziladi.
Murojaatda e’tiroz bildirilgan holatlar mavjud. Dasturga ko‘ra, bu ishlar ham bosqichma-bosqich bajariladi. Jumladan, qishloqdagi eski simyog‘ochlar o‘rniga 72 ta beton simyog‘och o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 35 ta yangi beton simyog‘och o‘rnatildi. Qishloq hududida maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilishi bo‘yicha esa loyiha tayyorlangan, hozirgi vaqtda qurilish bo‘yicha tenderga e’lon berilgan.
Oqdaryo tumani hokimligi axborot xizmati.