Vatkan-Qo‘zibekdagi qurilishlar “Obod qishloq” dasturi asosida qilinganmidi?
Davlat kadastr agentligi viloyat boshqarmasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudiga Vatkan-Qo‘zibek mahallasidagi noqonuniy qurilmalarni buzish va yer maydonini davlatga qaytarish yuzasidan murojaat qildi.
Da’vo arizasiga ilova qilingan ma’lumot va hujjatlarda Vatkan-Qo‘zibek mahallasida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolar hududdagi yerni qonunga xilof tarzda egallab olib, savdo do‘konlari qurganligi ko‘rsatilgan. Lekin sud majlisida so‘roq qilingan javobgarlar qurilishni o‘zboshimchalik bilan emas, aksincha “Obod qishloq” dastur asosida, vakolatli idoralarning og‘zaki topshirig‘i bilan amalga oshirganini ma’lum qilib, aybni tan olmadi.
Buni qarangki, surishtiruv ishlari boshlangach, tuman mas’ullarining ham fikri o‘zgarib qoldi. Xususan, sud majlisining yakunida tuman qurilish bo‘limi boshlig‘i sudga xat bilan murojaat qilib, qayta o‘rganish o‘tkazilganligi, jarayonda mazkur binolar “Obod qishloq” dasturiga muvofiqligi aniqlanganligini ma’lum qildi. Ammo qonun oldida barcha barobar. Tuman qurilish bo‘limi bosh arxitektorining xati noqonuniy qurilmalarni qonuniy deyish uchun asos bo‘lmaydi. Shu bois sud da’vogarning talabini asosli deb topdi, ya’ni javobgarlar hech qanday hujjatga ega bo‘lmay turib qurgan savdo do‘konlarini buzadigan bo‘lishdi.
Achinarlisi shuki, mas’ullarning og‘zaki topshirig‘i, va’dalariga ishongan ayrim fuqarolar sarf-xarajatlar uchun shaxsiy avtomashinasini sotganligi, boshqalari qarz olganligini tan oldi. Lekin ularni ishontirgan vakolatli idoralar ish sudga oshganda ko‘rinish bermadi.
Savol tug‘iladi: agar qurilish noqonuniy bo‘lsa, nega mas’ullar uni boshidanoq to‘xtatmadi? Modomiki, inshootlar “Obod qishloq” dasturi asosida qurilgan ekan, nega ish sudga oshdi va nega unda hech bir tashkilot fuqarolarning manfaatini, huquqini himoya qilib chiqmadi? Bu kabi holatlar xalqning hukumatga, adolatga ishonchi yo‘qolishiga sabab bo‘lmaydimi?
F.Muxtorov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudi sudyasi.