Tahririyatga qo‘ng‘iroq: “Nega ko‘chaga o‘rindiq qo‘yib ikkita qurut sotsang, topib jarima qilishadi-yu, shuncha vaqt qo‘lbola aroq sotgan do‘kondan bexabar qolishadi?”
Samarqand shahrida qo‘lbola aroq ichib vafot etgan kishilar haqida eshitib qator savollar tinchlik bermay kelmoqda. O‘zim shu voqea bo‘lgan hudud — Kimyogarlar qo‘rg‘onida yashayman. Qo‘lbola aroq hududdagi Nurafshon mahallasida joylashgan do‘konda sotilgan, qo‘shni mahallalardan ham o‘sha kuni aroq olishgan.
Meni o‘ylantirgan narsa shuki, shu do‘koncha esimni taniganimdan beri bor. Endi, odam o‘lgach, do‘kon hujjatlari yo‘qligi uchun yopilibdi. Nahotki, shu kungacha tegishli tashkilotlarning hududga biriktirilgan xodimlari do‘konni ko‘rmagan. Stolchaga qurut qo‘yib sotsangiz ham ikki soatda ko‘rib, jarima qilishadi-ku! Mana, oqibat nima bo‘ldi? Xo‘p, balki do‘konni qo‘lbola aroq uchun yopdi ham deylik. Ammo bu do‘konda “bakalashka”da aroq sotish birinchi marta bo‘lmayapti. Agar odam o‘lmaganida yillar davomida ham bo‘lardi shu “savdo”.
Shu qo‘lbola aroqdan vafot etganlarning yaqinlari aytishyapti, “Oldin ham “bakalashka”da olib kelib ichgandi, hech narsa qilmagandi” deb. Xuddi shunday, oldin ham qo‘lbola aroq sotilgan, ammo hech kim hech narsa demagan!
Kecha shu xabar chiqqach, OAVda Bosh prokuraturaga asoslanib “vafot etganlarning aksariyati spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxslar bo‘lgani” aytildi. Men bilganlarim unday odamlar emas, onda-sonda ichadigan odamlar edi. Ular ichkilikka ruju qo‘yganidan emas, qo‘lbola aroqdan zaharlanib o‘ldi!..