“Obod qishloq”dan yo‘llangan shikoyatga 65 kundan buyon javob yo‘q

Tahririyatimizga Kattaqo‘rg‘on tumani Qo‘shqo‘ton mahallasida yashovchi fuqarolar nomidan G‘ofur Samandarov elektr ta’minotidagi muammolar haqida murojaat qildi.

Uning aytishicha, mahalladagi simyog‘och, transformator va boshqa vositalarning eskirib ketganligi tufayli elektr ta’minotida uzilishlar ko‘p bo‘ladi. Achinarlisi, shu mahallada yashovchi 18 xonadonga necha yildirki elektr energiyasi o‘tkazilmagan. Mahalla aholisi bu masala yuzasidan ko‘p yildan buyon sohadagi deyarli barcha tashkilotga murojaat qilgan, ammo biror natija bo‘lmagan. Jumladan, «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ texnik direktori K.Oqilovning imzosi bilan 2019 yil 1 iyuldagi xatda ushbu mahalla 2020 yilgi dastur asosida elektr ta’minotidagi muammolar bartaraf etilishi aytilgan. 

Korxonaning kapital qurilish bo‘yicha direktori S.Mirzaqulovning imzosi bilan 2020 yil 4 martdagi xatida Kattaqo‘rg‘on tumani Qo‘shqo‘ton mahallasida elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash uchun Prezidentimizning 2016 yil 23 noyabrdagi “2017-2021 yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlari va transformator punktlarini modernizatsiya-rekonstruksiya qilish va yangilash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2020 yil loyiha-smeta hujjatlari tayyorlanib, 2021 yil 1-choragida elektr tarmog‘i qurilish ishlari rejalashtirilgan.

“Qoradaryo elektr ta’minoti” korxonasi boshlig‘i G.Ishmurodov 2021 yil 28 apreldagi xati bilan murojaat yo‘llangan mahallaga transformator o‘rnatish va elektr simlari tortish bo‘yicha bu yilgi dastur “to‘lib qolgan”ligi tufayli 2022 yil 4-chorak yakuniga qadar davlat dasturiga kiritish rejalashtirilganligini ma’lum qilgan. Boshqa joylarga qilingan murojaatlar ham deyarli shu kabi javoblar bilan qanoatlangan.

Qo‘shqo‘ton mahallasi 2021 yilgi “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan. Dasturga asosan aynan elektr ta’minoti yo‘nalishida past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish, 1,7 kilometr elektr tarmog‘ini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, mahalladagi Orziobod qishlog‘ida past kuchlanishli elektr tarmog‘ini yangidan qurish belgilangan. Ammo fuqarolar hanuzgacha ishlar qog‘ozda qolayotganiga e’tiroz bildirib tahririyatimizga murojaat qilishdi.

Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida ushbu murojaatni shu yil 16 iyun kuni Kattaqo‘rg‘on tumani hokimligiga yuborgandik, ammo hanuzgacha javob olmadik. Shunda ommaviy axborot vositasining murojaatiga 65 kunda ham javob bermagan tuman hokimligi mas’ullari oddiy fuqaroning arziga quloq osarmikan, degan xulosaga keldik. Qo‘shqo‘ton mahallasida yashovchi fuqarolar nega ko‘p yillardan buyon uylariga elektr tarmog‘i torta olmayotganliklarining sababi shundamikan?

O‘ktam Xudoyberdiyev.

***

Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi grant loyihasi asosida tayyorlandi.