Obodonlashtirish birov uchun qilinmaydi
Tunov kuni qabristonni tozalash, u yerda obodonlashtirish ishlarini olib borish uchun hashar tashkil etilayotganligini eshitib qoldim. Hasharga birov bordi, birov bormadi. Borish-bormaslik har kimning vijdoniga havola. Lekin meni o‘ylantiradigani boshqa narsa.
Keyingi paytlarda televizor, gazeta, ijtimoiy tarmoqlarda falon qabristonga o‘t ketibdi, mana bunisi chorva mollari uchun yaylovga aylangan, bunisida obodonlashtirish ishlari o‘lda-jo‘lda bo‘lib yotibdi, degan gaplarga duch keladigan bo‘ldik. Endi o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Bunday jirkanch ishlarni kim qilyapti? Birov chetdan borib, boshqa qishloqning qabristoniga mol boqmasa kerak? Yoki o‘t qo‘yib keladimi? Qani bu maskanning oqsoqollari? Nega ular jim? Bunday nopok kimsalarni xalqning oldiga chaqirib sharmandasini chiqarsa bo‘lmaydimi?
Bu bilan aql o‘rgatmoqchi emasman. Meni ayblashdan oldin shuni bilishingizni istardim: Amerikaga qochib ketamizmi, shifokor nazoratida bo‘lamizmi, hammamizning borar joyimiz shu yer. Qo‘pollashgan bo‘lsam uzr so‘rayman. Bir xil voqealarni eshitib, ko‘rib odam shunday fikrlashga majbur bo‘larkan.
Ochig‘i, ko‘pincha xalqimiz hayit bayramlarida qadamjolar va qabristonlarni ziyorat qilishni odat tusiga aylantirishgan. Aslida ziyorat qilish faqat bayramlardami? Obodonlashtirish ishlari-chi? Dono xalqimizda qaysi yurtning obodligi, xalqi ma’naviyatli va ma’rifatli ekanligini bilmoqchi bo‘lsang, ularning bozori bilan mozoriga nazar sol, degan hikmatomuz gapi bor.
Insonlar hayoti bevosita ziyoratgohlar bilan bog‘liq. Bizlar o‘tganlarni ziyorat qilish, qadamjolar va qabristonlarga tez-tez borib turish hayotimizning ajralmas qismi ekanini e’tirof etamiz. Ziyorat so‘zi lug‘atda tashrif buyurish, ko‘rgani borish degan ma’noni beradi. Qabrlarni ziyorat qilish sunnat amallardan hisoblanadi. Aziz avliyolarning maqbaralarini, shuningdek, yaqinlaringizning qabrlarini ziyorat qilib turish Islom dinida savobli ishlardan sanaladi. Dushanba, payshanba, juma kunlari qabrlarni ziyorat qilish uchun eng afzal vaqt sanalarkan. Ziyoratning ham bir qancha e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlari va odoblari bor. Muborak hadisda "Qabrlarni ziyorat qilinglar, chunki u oxiratni eslatadi", deyilgan.
Gapning dangalini aytganda, aksariyat kishilar qabristonni obodonlashtirish ishlariga xuddi uni birov majburlab olib borganday o‘zini his qiladi. Ko‘pchilik hayit bayramlarida qabristonga ziyoratga boradi. Bu yaxshi, ammo o‘tganlarni faqat muayyan vaqtda emas, har lahzada eslab turishimiz lozim.
Muborak hadisda o‘tganlarni yaxshi sifatlarini eslanglar, yomon sifatlaridan tillaringni tiyinglar, deb aytilgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, marhumlarning qabrlarini ziyorat qilish, obodonlashtirish burchimiz ekanligini unutmaylik.
Husniddin XOLDOROV.