“Ochiq muloqot”dan so‘ng muammolar yechim topyapti...mi?
– Ikkinchi guruh nogironiman. Bir nafar oʻgʻlim bor. Turmush oʻrtogʻim vafot etgan. Ota-onam qaramogʻida yashayman. Sharoitim ogʻir boʻlganligi uchun Mahallamiz raisiga bir yildan buyon moddiy yordam soʻrab murojaat qilaman. Afsuski foydasi boʻlmayapti. Shu masalada amaliy yordam berishingizni soʻrayman.
Bu Samarqand viloyati Payariq tumani Bahrin mahallasida yashovchi Dilnoza Shokirovaning 2018 yil 16 dekabr kuni Payariq tumani hokimi A.Joʻrayev va sektor rahbarlari, korxona-tashkilotlar mutasaddilari ishtirokidagi viloyat teleradiokompaniyasi orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etilgan “Ochiq muloqot” koʻrsatuviga qilgan murojaati. Xoʻsh, koʻrsatuvdan soʻng tumanda qanday oʻzgarishlar yuz berdi? Fuqarolarning murojaatlari oʻz yechimini topdimi?
Ushbu murojaatdagi muammoni oʻrganish maqsadida D.Shokirova bilan telefon orqali bogʻlandik.
– Otam ham imkoniyati cheklangan fuqaro, – deydi u. – Har safar mahallaga moddiy yordam soʻrab borganimda “Siz ota-onangizning qaramogʻidasiz, ular shaxsiy tomorqasiga ega”, deya turli sabablarni keltirishadi. Ammo mahalla xodimlari yolgʻiz ona, uy-joyga muhtoj, deb dalolatnoma tuzishgan. Qilingan murojaatdan soʻng bu masalani hech kim kelib oʻrganmadi. Oʻgʻlim 8 yoshga toʻldi. Afsuski, sovuq kunlari maktabdan qolishga majbur. Chunki qishki kiyim-bosh olib berishga ham imkoniyatim yoʻq.
Demak, mutasaddilar “Ochiq muloqot”da bayon etilgan murojaatlar bilan qiziqmagan. Yoki mavjud muammolarning ularga daxli yoʻqmi?
– Chelak shahrining birorta koʻchasida tungi yoritgich chiroqlari yoʻq, – deydi Qumchiq mahallasi fuqarosi Azimjon Bahriddinov. – Bu turli jinoyatlarning sodir etilishiga olib kelishi tabiiy. Bugungi kunga qadar bu muammo masʼul xodimlarni qiziqtirmagani tushunarsiz holat. “Ochiq muloqot”ga qilgan murojaatim ham javobsiz qolmoqda.
B.XONKELDIYEV.