Odam necha yoshda yoki qaysi vaqtda o‘zini baxtli his qiladi?

Olimlar inson qaysi vaqtda o‘zini baxtli va qachon baxtsiz his qilishini aniqladi. “Styler” loyihasi eng so‘nggi ilmiy tadqiqotlarga tayangan holda bu haqda aytib o‘tdi.
Albatta baxt - bu har birimiz intiladigan ichki holat. Biroq, olimlar aniqlaganidek, hayotdan qoniqish darajasi kunning vaqti, fasl va yoshga qarab o‘zgarishi mumkin ekan. Ushbu tebranishlar bizning xatti-harakatlarimiz, qarorlarimiz va hatto maqsadlarga erishish qobiliyatiga ta’sir qiladi.

Kunning qaysi vaqtida biz baxtli bo‘lishimiz mumkin?
London Universiteti (kolleji) olimlari tomonidan olib borilgan va «BMJ Mental Health» jurnalida chop etilgan tadqiqot insonning hissiy holati kun davomida sezilarli darajada o‘zgarib turishini ko‘rsatdi.
Qoida tariqasida, kayfiyatning ko‘tarilishi ertalabki soatlarda odam uyg‘ongandan so‘ng sodir bo‘ladi. Bu dofaminning faol ishlab chiqarilishi va inson kuch va umid bilan to‘lgan yangi kunning boshlanishi bilan bog‘liq.
Ammo kechki payt - ayniqsa, soat 23:00dan 1:00gacha – kayfiyat pasayishi kuzatiladi. Bu vaqtda qayg‘u va ichki beqarorlik kuchayib, ko‘pincha tashvishli fikrlar paydo bo‘ladi. Bunga bioritmlar, charchoq va kechki paytlardagi ijtimoiy faollikning pasayishi sabab bo‘lishi mumkin.

Hafta kunlaridagi baxt
So‘rovlar va kuzatishlarga ko‘ra haftaning eng baxtli kuni seshanba bo‘ldi. Qizig‘i, dushanba va juma kunlarida ham haftaning boshida - yangi shaylanish, juma kunida esa dam olishni kutib zavq olish tufayli ijobiy hissiy fon kuzatildi. Yangi ish haftasining xabarchisi yakshanba kunida odamlar ko‘pincha o‘zlarini g‘amgin va shavqsiz his qilishadi.

Kayfiyatning mavsumiy o‘zgarishi
Fasllar ham rol o‘ynaydi. Bahor, yoz va kuz ko‘proq ijobiy his-tuyg‘ularni olib keladi: bu vaqtda ruhiy tushkunlik, tashvish va yolg‘izlik darajasi pasayadi. Qishda, aksincha, odamlar tez-tez charchoq va befarqlikni boshdan kechiradi - bu quyosh nuri yetishmasligi va kunduzgi soatlarning qisqarishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Hayotimiz davomida
Baxtning yagona universal yoshini aniqlash mumkin emas, biroq, tinib-tinchimas olimlar bir nechta o‘ziga xos davrlarni aniqladilar:
• 23 yosh - London Iqtisodiyot maktabi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yoshda insonda ishtiyoq, o‘ziga va kelajakka ishonch kuchayib boradi;
• 35–40 yosh – Garvard universiteti tadqiqotiga ko‘ra, bu yoshdagi odamlar barqarorlikka erisha boshlaydilar: ularning mavqei, ijtimoiy aloqalari va shaxsiy hayoti mustahkamlanadi.
• 60–70 yosh – Amerika Psixologiya Assotsiatsiyasi ta’kidlaganidek, keksa yoshdagi odamlar xotirjam bo‘lib, hayotga falsafiy munosabatda bo‘lishadi va bo‘sh vaqtlaridan zavqlanishni biladi.
•82 yosh – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari bu yoshni ichki xotirjamlik va ongli baxtning cho‘qqisi deb atashgan. Neyrobiologlar buni insondagi izzattalablik va umidlar bosimi yo‘qolib, shukr qilib yashashi bilan izohlashadi.

Hayotning eng qiyin yillari
• O‘smirlik (13-18 yosh) - hissiy bo‘ronlar davri: gormonal o‘zgarishlar, o‘zini izlash, tengdoshlar va ota-onalar bosimi;
•45-48 yosh - baxt chizig‘ining "depressiv egilishi" deb ataladi. O‘smirlarda bo‘lgani kabi “o‘tish davri”da inson ko‘pincha ishdagi umidsizliklar, moliyaviy muammolar, hayot ma’nosini qayta ko‘rib chiqish kabi inqirozli tajribalarni boshdan kechiradi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.