Odam savdosidan jabrlanganlar reabilitatsiya qilinadi

Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyat IIB odam savdosiga qarshi kurashish bo‘linmasi tomonidan joriy yilning 5 oyi davomida viloyat hududida odam savdosi bilan bog‘liq jami 7 ta jinoiy holat aniqlangan (o‘tgan yilning shu davrida 9 ta bo‘lgan).
Ushbu holatlarning 6 tasi shahvoniy maqsadlarni ko‘zlab, 1 tasi chaqaloq savdosini ko‘zlab sodir etilgan. Mazkur jinoyatlarni tergov qilish davomida 7 nafar ayol ayblanuvchi va 7 nafar ayol jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan. Ayni paytda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar yuzasidan 38 nafar shaxs qidiruvda.
Bugungi kunda viloyatda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish, aniqlash borasida huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tezkor-profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha viloyat hududiy komissiyasining chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, ijrosi ta’minlanmoqda.
Viloyat hududiy komissiyasining odam savdosi bilan bog‘liq murojaatlarni qonuniy ko‘rib chiqishi va qarorlar qabul qilinganligi doimiy ravishda hududiy prokuratura organlari tomonidan nazorat tartibida o‘rganib borilmoqda.
Xususan, komissiyaga kelib tushgan 7 ta murojaatni o‘rganish va hal etish jarayonida odam savdosidan jabrlangan yoki jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan ayollarga tibbiy, huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilgani aniqlandi. Misol uchun, Samarqand shahrida yashovchi I.M.ni Qozog‘istondan yurtimizga qaytishida yordam ko‘rsatilib, Odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish respublika reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan. Unga tibbiy, psixologik, huquqiy yordam ko‘rsatildi va hududiy komissiya yordamida ID-karta rasmiylashtirib berildi. Ayni kunlarda I.M.ni ish bilan ta’minlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Odam savdosidan jabrlangan deb topilgan yana 4 nafar jabrlanuvchini reabilitatsiya qilish, sog‘lom turmush tarziga qaytarish maqsadida viloyat hududiy komissiyasi tomonidan respublika reabilitatsiya markaziga yuborilishi ta’minlangan.
Odam savdosiga qarshi kurashish, bunday turdagi jinoyatlarning oldini olish va jinoyat oqibatlaridan aholini, xususan, yoshlarni ogoh etish maqsadida keng aholi qatlami orasida doimiy tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu boradagi ishlar 30 iyul – Odam savdosiga qarshi kurashish butunjahon kuni arafasida yana ham keng ko‘lamda tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Xondamir Mardiyev,
viloyat prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i.