Odam savdosining oldini olishga qaratilgan dadil qadamlar

Insoniyat hayotiga jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgan jinoyatlardan biri – odam savdosi. Mazkur transmilliy jinoyatning turli ko‘rinishlari dunyo xalqlari hayotida turli xavflarni keltirib chiqaradi.

BMT tomonidan e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning xabarlariga ko‘ra, ushbu jinoyat ortidan ayrim kimsalar yillik 7 milliard AQSh dollaridan daromad olayotgani ma’lum qilingan.

Afsuski, ushbu jinoyatdan jabrlanganlarning 80 foizi xotin-qizlar va bolalardir. Xavotirli jihati shundaki, aldov yo‘li bilan har yili dunyo bo‘yicha 600-800 ming nafar ayol va bolalar xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilayotgani ta’kidlangan.

Rasmiy hujjatlarda bayon etilishicha, odam savdosining uchta keng turi tarqalgan: jinsiy ekspluatatsiya, majburiy mehnat va odam a’zolarini sotishdir.

Bu jinoyatlarni yuzaga kelishining asosiy sababi, bilimsizlik, ma’naviy qashshoqlik, ochko‘zlik kabi turli salbiy sifatlarni keltirishimiz mumkin.

Jinoyatchilikning bu turini oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator hujjatlari qabul qilingan. Xususan, «Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Konvensiya, «Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida»gi Konvensiyani va shu kabi qator xalqaro huquqiy hujjatlarni keltirish mumkin.

Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalariga oid milliy qonunchiligimizda 2019-2020 yillarda 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Shu bilan birga, xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda bu borada jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Hukumat qarori bilan odam savdosi sohasidagi jinoyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning yagona axborot bazasi yuritilishi va unga odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar, jabrlanganlar, jabrlangan deb taxmin qilinayotganlar kiritilishi haqida OAV orqali e’lon qilingan.

Bir so‘z bilan aytganda, huquq ustuvor bo‘lgan davlatimizda qonunlar ijrosini ta’minlovchi organlar borki, bu kabi illatlarni fosh etilmay, ushbu jinoyat jazosiz qolmaydi.

Sh.G‘aybulov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tuman sudining sudyasi.