Odamiylik fenomeni: O‘zbekiston Qahramoni Hasan Normurodov hayot bo‘lganida bugun 82 yoshga kirardi

Biz odamiylik haqida ko‘p va xo‘b gaplarni eshitganmiz, uni inson komilligining asosiy alomatlaridan, deb bilganmiz. Ammo nihoyatda yuksakda bo‘lgan bu nomga kimlar loyiq ko‘rilishiga kelganda nomzodlarimiz sanoqli bo‘lgan. Allohga beadad shukrlar bo‘lsinki, oramizda bunday odamlar bor va bundan keyin ham bo‘lishidan umidvormiz.
Odamiylikni o‘ziga fan qilgan insonlardan biri Hasan Normurodov bo‘lganligiga yurtimizda hech kim shubha qilmaydi. Chunki bu benazir insonni mamlakat miqyosida, ayniqsa, Samarqandda tanimagan kishining o‘zi yo‘q.
Taniqli davlat va jamoat arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Qahramoni Hasan Normurodov 1939 yil 16 noyabrda Kattaqo‘rg‘on shahrida tavallud topgan. Kattaqo‘rg‘on pedagogika bilim yurti va Samarqand davlat universitetining o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetini tugatgan. Mehnat faoliyatini maktabda o‘qituvchilikdan boshlagan. Kattaqo‘rg‘on shahri, Jomboy, Narpay tumanlari va Samarqand viloyat boshqaruv idoralarida, 15 yil davomida esa viloyat xalq ta’limi boshqarmasida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. Hayotining keyingi 18 yilida «Nuroniy» jamoat fondining Samarqand viloyat bo‘limi raisi edi.
Vatani va xalqiga 60 yil davomida beminnat xizmat qilgan bu olijanob inson rahbarlik salohiyati, bilim va tajribasi, boy ma’naviy olami, el-yurtga bo‘lgan cheksiz muhabbati tufayli qalbimizdan joy oldi. «Mehnat shuhrati», «El-yurt hurmati» ordenlari bilan mukofotlandi, 2019 yil O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi. Zero,
Naf’ing agar xalqqa beshak durur,
Bilki bu naf’ o‘zungga ko‘prak durur,
deydi hazrat Navoiy.
Ustoz yozib qoldirgan xotiralarida mana bu gaplarga ko‘zimiz tushdi: «O‘tgan yillar davomida hayotning ko‘p sinovlarini boshdan kechirdim. Urush va undan keyingi og‘ir yillar hali bola qalbimda tinchlik eng oliy ne’mat ekanini anglashga o‘rgatdi. Mustabid tuzum davridagi zulm va zo‘ravonliklar erk va ozodlikning qadrini bildirdi. Zamini oltinga teng yurtda yashasang-da, nonga zor bo‘lsang, o‘zing paxta yetishtirsangu usting yupun bo‘lsa – dodingni kimga aytasanu kim eshitadi. Shunda ozodlik, mustaqillik degan muqaddas tushunchalarning ahamiyatini yanada teran anglaysan ekan.
Yoshlik yillarim, ayni kuch-quvvatga to‘lgan paytimda davlat idoralarida, jamoat tashkilotlarida mehnat qildim. Bor bilim va mahoratimni ishga solib, zimmamga yuklatilgan vazifalarni bekamu ko‘st bajarishga intildim. Ammo faqat yurtimiz mustaqillikka erishib, inson manfaati birinchi o‘ringa qo‘yilgach, qadr-qimmat nimaligini bildim».
Esimizni tanigandan buyon bu tinib-tinchimas va zahmatkash insonni turli rahbarlik lavozimlarida ko‘rganmiz.
Hasan Norbekovich qayerda va qaysi vazifada ishlamasin, ko‘pchilikning manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘ygan. Nafsiga hech qachon erk bermagan. Shuning uchun ham oilaviy turmush tarzi oddiy bo‘lgan, farzandlari ota-onasiga, jamiyatga munosib insonlar bo‘lib voyaga yetishgan.
Ustozning tavallud topgan kunida biz u kishini tabriklash uchun ishxonasida to‘planardik, ko‘nglimizdagi tilaklarimizni aytardik. Muhimi, ustozning mehridan oziqlanardik. Endi ustoz oramizda yo‘q. Ulkan bir ma’naviy-ma’rifiy olamni bizga meros qoldirib ketgan ulug‘ murabbiyni sog‘inamiz.
H.Normurodov quvvai hofizasi nihoyatda kuchli inson edi. Suhbatlarimiz asosan ustozning talabalik yillari haqida bo‘lardi. O‘sha yillar haqida gapirishni juda yoqtirardi. Armiyadan kelgani, universitetga harbiy gimnastyorkada qatnagani, a’lo baholarga o‘qigani, nazarimda, ustozning o‘zi yoqtirgan eng yaxshi hikoyalari edi. Ayniqsa, ustozlari haqida maroq bilan gapirardi. Akademik Vohid Abdullayev, Botirxon Valixo‘jayev, professor Ulug‘ Tursunov, Xudoyberdi Doniyorov, Nuriddin Shukurov, Jo‘ra Hojimatov, Vahob Egamov, Rahmutulla Qo‘ng‘urov, ayniqsa ustozi Rahmonqul Orzibekovni alohida hurmat va ehtirom bilan tilga olardi. U kishining katta-yu kichikka sizlab gapirishi, «Hasan aka», deb murojaat qilishlarini alohida mamnuniyat bilan eslardi. Samarqand davlat universiteti va bu maskanda ta’lim bergan ustozlari misolida katta hayot maktabini o‘taganligini bot-bot tilga olardi.
Biz Hasan Norbekovichda faqat komil insonlargagina ato etiladigan odamiylik xislatlarini ko‘rganmiz. Biron bir kishidan bu hazrati inson haqida noxush gap eshitmaganmiz. Biz bilgan insonlarning barchasi hamisha faqat yaxshi gaplarni aytishgan. Kamtarlik, xoksorlik, o‘zini hamma bilan teng ko‘rish, boshqalarning hurmatini joyiga qo‘yish, el-yurtning tashvishi bilan yashash, e’tiborlilik, samimiyat, qo‘l ostidagilarga mehribonlik ko‘rsatish, hamisha odob bilan so‘zlash, har bitta odamning qalbiga yo‘l topa bilish bu bag‘rikeng inson hayotining mazmuni bo‘lgan.
Ustozning bu kabi barcha odamiylik sifatlarini sanab o‘tishga ojizmiz, albatta. Ammo bir narsaga ishonchimiz komil. U kishi Samarqand davlat universiteti o‘zbek va tojik filologiyasi fakultetining o‘z davridagi ilg‘or talabalaridan bo‘lgan. Bilimga va o‘qib-o‘rganishga ishtiyoqi baland, intiluvchan bo‘lgan. Bo‘lg‘usi filolog uchun o‘sha paytlardayoq so‘zning qadri baland bo‘lganligi ham aniq.
Ba’zan insonlar o‘rtasida ziddiyatlar, nohaqliklar o‘sha paytlar ham bo‘lganligini yashirmasdi. Nafaqat a’lochi talaba, balki faol jamoat-tashkilotchi sifatida «Lenin stipendiyasi»ga tavsiya etilganda «Bu talaba yuqori kursda o‘qir ekan, tezda bitirib ketib qoladi, biz stipendiatdan mahrum bo‘lib qolamiz. Shuning uchun bu stipendiyani past kursda o‘qiydiganlarga berish kerak», degan gap bilan boshqa kishiga – fakultet dekanining ukasiga berishganini ham aytgan. Lekin guvohi bo‘ldikki, Yaratgan bu zotni kam qilmadi. Umrining keyingi paytlarida obdon siyladi, elning tabarruk oqsoqoliga aylandi.
Hasan Norbekovich kitobsevar inson edilar. Kitob o‘qishni juda xush ko‘rardilar. Kabinetiga kirgan odamlar stolining usti, o‘ng tomonidagi stoli hamisha kitoblarga to‘la ekanligini ko‘rardi. Oldiga kirgan odamga o‘qigan kitobidan albatta biron bir ibratli voqeani hikoya qilib berardi. Biron bir asarni o‘qib chiqqach, uning muallifiga qo‘ng‘iroq qilib, minnatdorlik bildirardi, kitobda ko‘tarilgan masalalarga o‘z munosabatini aytardi yoki gazetada kimningdir yaxshi maqolasini o‘qisa, darhol muallif bilan bog‘lanardi.
Kattami-kichikmi, amali bormi-yo‘qmi, bundan qat’i nazar, aytilgan to‘y, ma’rakadan qolmasdi. Agar o‘sha kuni bora olmasa, imkonini topib, uzrini aytardi, yoshlarga baxt-saodat tilardi. Janozalarga albatta borardi. Boshiga musibat tushgan insonlar dardiga sherik bo‘lardi. Hayron qolardik, shunchalik band bo‘lishiga qaramasdan, bu inson hayotning bu kabi tashvishlariga qanday qilib vaqt topar ekan, deb. Aslida gap boshqa yoqda ekan. Alloh bu zotning qalbiga har bir insonning qadrini baland tutish tuyg‘usini solgan ekan. Buning javobini ham ko‘rdik. O‘zlari olamdan o‘tganlarida, pandimeya sharoiti bo‘lsa ham, ko‘chalarga odam sig‘may ketdi. Bir necha kunlar ta’ziya bildirganlarning keti uzilmadi.
H.Normurodov benazir notiq ham edi. Hozirgacha ko‘p yillar bir necha viloyatlarning birinchi rahbari bo‘lgan, taniqli davlat va jamoat arbobi, marhum Bektosh Rahimovdan keyin Hasan Norbekovichday notiq bo‘lmagani haqida davralarda takror-takror eshitamiz. Minbarlarga chiqqanida shoshilgani, hayajonlanganini sezmasdik. Nutqini boshlashdan avval bir necha lahzalik sukut bilan auditoriyani o‘ziga jalb qilardi. Auditoriyaning yoshi, faoliyat doirasi, kasbi, mashg‘ulotini hisobga olib gapirardi. Eng murakkab, qaltis vaziyatlarda ham barchaning ko‘ngliga mos keladigan gaplarni topardi. Anjumanda o‘tirganlarning hayotidan misollar keltirib gapirardi, ularning hayoti va faoliyatini namuna qilib ko‘rsatardi. Biz qatnashgan biron bir tadbirda u kishi gapirayotganlarida shovqin bo‘lganligini eslay olmaymiz. Hammani o‘ziga jalb qila olardi. Odamlarning kayfiyatiga qarab gapirardi.
Hasan Norbekovichning ba’zi odamlardan hafa bo‘lgan holatlarini ham kuzatganmiz. Ammo bu kayfiyatini ularga hech qachon sezdirmagan. Yomon muomala qilmagan. Aslida hech kimga yomon gapirmagan, ko‘nglini qoldirmagan. Hech qachon vulgar so‘zlarni ishlatmagan.
Bu kabi olijanob fazilatlarning sababini, yuksak madaniyat sohibi bo‘lishning ildizlari qayerda ekanligi u kishining o‘z ustozlariga, ayniqsa, eng katta ustozi bo‘lgan kitobga mehr-muhabbatining natijasi deb bildik. Yuqorida aytganimizday, qachon kabinetlariga kirib qolsak, albatta nimanidir mutolaa qilib o‘tirganini ko‘rganmiz.
O‘zbek ijodkorlarini, ularning asarlarini mana men degan har qanday samarqandlik adabiyotshunos yoki tilshunos olimdan kam bilmasdi. Lekin uni pisanda ham qilmasdi.
Bir chaqirganlarida borganimizda, hazrat Navoiyning «Hayrat ul-abror» asarini varaqlab o‘tirgan ekan. Asosiy suhbatni boshlashdan avval bu buyuk asarning ijtimoiy-falsafiy mohiyatini shunday sharhlab berib, qoyil qolmaslikning iloji yo‘q edi. E’tiborimizni so‘z vasfiga qaratdilar.
Ana shundan so‘ng Alisher Navoiy «Xamsa»sidagi har bir doston so‘zning ta’rifi bilan boshlanishi, hazrat ona tiliga bo‘lgan muhabbati tufayli buyuk martabaga erishganligini ta’kidladilar. Ustoz bunday paytlarda nafaqat mohir notiq, balki mumtoz adabiyotimizning dono bilimdoni, uning haqiqiy targ‘ibotchisi, universitet auditoriyasidagi siyrati yuragimizda va ko‘z o‘ngimizda qolgan Vohid Abdullayevi, Botirxon Valixo‘jayevi, Rahmonqul Orzibekovi, Nuriddin Shukuroviga aylanardi.
Hasan Norbekovich Samarqand davlat universitetini jonu dili bilan yaxshi ko‘rardi. Bu qutlug‘ dargohda ishlab o‘tgan ulug‘larni nomma-nom bilardi, hozirda ishlab turgan, ko‘zga ko‘ringan professor-o‘qituvchilarni yaqindan tanirdi, ismi-familiyasini adashmay ayta olardi. Agar ularning yubileylari bo‘lib qolsa, xabar topsa bo‘ldi, albatta, tabriklardi. Shirin so‘zini aytardi, kichkinagina bo‘lsa ham sovg‘a-salom ulashardi. Yubileylariga borish imkoni bo‘lmay qolgan paytlarda esa ularni kabinetiga taklif qilardi va nuroniychilar bilan birgalikda juda chiroyli qilib tabrik marosimini tashkil qilardi. Bu kabi izzat-hurmatga nafaqat universitet, balki boshqa oliy yoki o‘rta maxsus ta’lim, o‘rta ta’lim muassasalari, viloyatdagi tashkilotlar, korxonalarning yuzlab xodimlari muyassar bo‘lishgan. Ustoz bunday ishlarni bajarishdan erinmasdilar, balki o‘z vazifasi va insoniy burchi deb bilardilar.
Ustozni «Qahramon» bo‘lganida universitetning filologiya fakultetiga mahorat darsi o‘tib berishga taklif qildik. Katta zal u kishining tashrifini eshitgan domlalar, talabalar bilan to‘ldi. Ustoz Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrlar, talabalik yillarini, o‘tgan asr 50-yillari qiyinchiliklarini, shunga qaramasdan, yoshlarda ilm-ma’rifatga bo‘lgan intilishning naqadar kuchli ekanligini hikoya qilib berdi. Ustozlarining har biridagi murabbiylik xislatlarini tilga oldi. U zamonlarni bugungi hayot bilan qiyosladi.
Ulug‘ shoir G‘afur G‘ulomning SamDUga bag‘ishlangan «Samarqand uchun» she’rini o‘qidi:
Ishqu vafolarning «Xamsa»sin yozgan
Jomiy, Navoiyning asriy nidosi,
Hali gumbazlardan g‘o‘ng‘irlab kelur
Olimlar bahsining aksi, sadosi.
Hasan Norbekovichning keyingi paytlardagi hayoti, turmush tarzi hammamiz uchun ibrat namunasiga aylangan edi. Yurishi ham, turishi ham, kiyinishi ham, muomalasi ham… Kattayu kichik u kishining hurmatini joyiga qo‘yardi. Rahbarlar uchun maslahatgo‘y, el uchun nasihatgo‘y edi. Ammo maslahat berishda ham, nasihat qilishda ham me’yorini bilardi. Fikrini shunday ifodalar ediki, biron kishining ko‘ngli og‘rimasdi.
Yaqinda «Keksalar haftaligi» doirasida katta tadbirlar uyushtirildi, nuroniylarga behad g‘amxo‘rlik ko‘rsatildi. Toshkent shahrida Respublika «Nuroniy» fondi tashkilotchiligi va homiyligida o‘tkazilgan anjumanda bu ulug‘ insonning benazir fazilatlarini esladik va Hasan Norbekovich Samarqand ma’naviyati va ma’rifatining vijdoniga aylanganligini faxr bilan tilga oldik.
Bugun hayot bo‘lganida Hasan Normurodov 82 yoshni qarshilagan bo‘lardi. Ruhlari shod, oxiratlari obod bo‘lsin ustozning! Biz, shogirdlar va yaqindan bilganlar bu olijanob insonning tabarruk xotirasini hamisha yodimizda saqlaymiz.
Suyun Karimov,
mehnat faxriysi, professor.