Odamlar “Adliya uylari” xizmatlaridan qanday foydalanyapti?

Shu yil Prezidentimizning tegishli farmoni bilan Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligi tarkibiga birlashtirilgach, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari, davlat xizmatlari hamda yuridik xizmat markazlari tuman va shahar adliya bo‘limlari tarkibiga kiritilib, bitta binoda faoliyat yurituvchi yagona tizimga aylantirildi. Aniqroq aytganda, yagona “Adliya uylari” shakllantirildi.

Bu esa huquqiy muammosi bor yoki davlat xizmatlaridan foydalanishga ehtiyoji bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga 4 ta tuzilma xizmatidan “Bir darcha” tamoyili asosida, bir joyning o‘zida foydalanish imkonini berdi. 

Tahlillarga ko‘ra, bugun viloyatimizda 4 million nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Aholi sonining ortib borayotgani davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Buni davlat xizmatlarini ko‘rsatish statistikasi ham tasdiqlaydi.

Xususan, markazlarimiz tomonidan 2020 yilda 661 810, 2021 yilda 780 363 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, shu yilning o‘tgan 9 oyi davomida ko‘rsatilgan xizmatlar soni qariyb 900 mingga yetdi. E’tiborlisi, murojaatchilar ushbu xizmatlardan “eksterritorial” tamoyil asosida, doimiy ro‘yxatdan o‘tgan yoki yashash joyidan qat’i nazar, respublikamizning istalgan joyidagi Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilib foydalanishi mumkin.

Aytish joizki, o‘tgan davrda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda aholidan 73 turdagi hujjat va ma’lumotnomani talab qilish amaliyotiga chek qo‘yildi. Tahlillar bu yiliga o‘rtacha 18 million nafardan ziyod aholining ortiqcha qog‘ozbozlikdan ozod bo‘lgani, tashkilotlarga borib-kelish bilan bog‘liq 200 milliard so‘mdan ortiq xarajati tejalganini ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, joriy yilning 1 yanvar sanasidan 6 turdagi davlat xizmati uchun to‘lovlar miqdori kamaytirildi, 2 turdagi xizmat uchun to‘lov undirish bekor qilindi. Masalan, advokatlik byurosi, advokatlik firmasi va advokatlar hay’atini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun to‘lov miqdori BHMning ikki baravaridan bir baravariga tushirildi. Shuningdek, aholining elektron davlat xizmatlaridan foydalanishini rag‘batlantirish maqsadida davlat xizmatlaridan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali foydalanganda barcha to‘lovlar bo‘yicha 10 foiz chegirma qo‘llanilmoqda.

To‘lovlar haqida gap ketganda, foydalanilgan davlat xizmati uchun to‘lovni amalga oshirish tartibi ham osonlashtirilganini ta’kidlash joiz. Ya’ni, endi my.gov.uz yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovni amalga oshirishda invoysdagi raqamlarni bittalab terib o‘tirish yoki “kassa”da navbat kutishga hojat qolmadi. Buning uchun ommabop to‘lov tizimlarida invoysdagi QR-kodni skaner qilish orqali osongina to‘lov qilish mumkin. Mazkur imkoniyat hozircha “Payme”, “Click”, “U-pay” to‘lov tizimlarida mavjud.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan aholining huquq va manfaatlarini ta’minlash davlat idoralarining oldida turgan dolzarb vazifadir. Shu bois tizimda har bir fuqaroning davlat xizmatlaridan foydalanish huquqini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, jarayonga yangi qulayliklar tadbiq etilmoqda. Masalan, bugun “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” tizimida ro‘yxatga olingan, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ro‘yxatida keltirilgan davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlar bo‘yicha 50 foiz miqdorda chegirma qo‘llaniladi. Shuningdek, hozir Samarqand shahridagi davlat xizmatlari markazidagi 4 ta bo‘limda sinov tariqasida surdo tarjimon xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bunda fuqaroga xizmat markazlashgan holda ko‘rsatilib, markaz xodimi maxsus veb-kamera orqali surdo operator bilan bog‘lanadi. U esa o‘z navbatida fuqaro va markaz xodimi o‘rtasida muloqotni ta’minlashga ko‘maklashadi.

Tizimda amalga oshirilayotgan mana shunday islohotlar natijasida xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladigan sodda, qulay va eng muhimi, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi tizim vujudga keldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, bizning maqsadimiz aniq - aholining og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish.

Maqsud Qurbonov,

viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.