Odamlar o‘zgargan

Bir oydan ortiq vaqtdan buyon Paxtachi tumanida referendum targ‘ibot tadbirlariga ishtirok etib kelyapmiz.

Bu muhim siyosiy jarayonga hech kim befarq emas. Katta-yu kichikning yangilanayotgan Konstitutsiya haqida o‘z fikri, tushunchasi bor. Bosh qonunimizning qaysi jihatlari o‘zgarmoqda, nima yangiliklar kiritilyapti, buning oddiy insonlar uchun qanday ahamiyati borligi – hamma-hammasidan xalqimiz xabardor bo‘lmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 95 mingdan ortiq paxtachiliklar referendumda ovoz berish uchun ro‘yxatga olingan. Shu kunlarda ularga taklifnomalar tarqatildi. 43 ta uchastkaning barchasi ovoz berish uchun tayyor holatga keltirilgan. 30 aprel kuni o‘z yashash joyida bo‘lmaydigan fuqarolar muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalandi.

Ko‘p yildan buyon bu kabi siyosiy jarayonlarda qatnashayotgan kishi sifatida aytishim mumkinki, odamlar o‘zgargan, ular o‘z kelajagiga, yurt ertasiga e’tiborsiz emas. Ular referendumla faol ishtirok etishlariga ishonaman.

Paxtachidagi mahallalar, korxona va tashkilotlardagi targ‘ibot tadbirlarimiz davomida xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash O‘zbekisiton Kasaba uyushmalari federatsiyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligidan kelib chiqib, ushbu masalalarga ham alohida e’tibor qaratdik.

Xususan, Ko‘rpa, Sardoba, Quvondiq, Gulobod, Dobusqal’a, Burqut, Nurafshon, Gulshan mahallalarida yashovchi, ijtimoiy ko‘makka muhtoj o‘ndan ortiq xotin-qizlarga tikuv mashinalari, moddiy yordam puli berildi.

13 aprel kuni Shamsnazar mahallasida o‘tkazilgan sayyor qabulda esa aholi tomonidan o‘ttizga yaqin masala yuzasidan murojaatlar qabul qilinib, kasaba uyushmalari bilan bog‘liq masalalarga shu yerning o‘zida yechim topildi. Boshqa muammolar esa tuman va viloyat masu’llariga yetkazilib, ijobiy hal etish choralari ko‘rilmoqda.

Keyingi bir oy davomida kasaba uyushmalarining “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” dasturi asosida 40 nafardan ortiq paxtachilik xotin-qizlar Toshkent va Xorazmga sayohatga yuborildi.

 Suhrob RAFIQOV,

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi

Samarqand viloyati kengashi raisi