Oddiy o‘yinlar bilan tuzalayotgan bolalar
Ular "Ilk rivojlanish markazi"da tarbiyalanmoqda.
Giperfaol bolani hadeb nazoratga olib, unga cheklov qo‘yaversangiz, 25 yoshida, aynan katta hayotda maqsadlari sari qadam tashlayotgan bir paytda murakkabliklarga duch kelishi mumkinligini bilasizmi?
Go‘dak miyasida faqat musiqa bilangina “ochiladigan” nuqtalar bor. Musiqagina ularning faoliyatini yaxshilashi mumkin ekan. Bolaga “Jim o‘tir!” degan buyruq berilaverishi uning ongida “Men yomonman”, degan fikrning kuchayib borishiga olib keladi.
Bejiz bundan bir necha asrlar ilgari allomalarimiz bola tarbiyasini ona qornidagi homiladan boshlash kerak, deyishmagan. Bu tarbiya haqida bugun yosh onalarimiz bilishi kerak bo‘lgan jihatlar juda ko‘p.
Toyloqda tashkil etilgan “Ilk rivojlanish markazi” bir qaraganda bolani maktabga tayyorlash dasturini amalga oshiruvchi tashkilotga o‘xshaydi. Ammo uning faoliyati bilan kengroq tanishsangiz, go‘dak endi o‘yinchoq tuta boshlagandan boshlab unga u yoki bu ko‘nikmalarni o‘rgatish, alohida ehtiyojga ega bolajonlarni dori bilan emas, o‘yinlar bilan ahvolini yaxshilash mumkinligini ko‘rasiz.
Toyloq tuman pedagogika kolleji negizida tashkil etilgan mazkur markaz ishi bilan tanishar ekanmiz, bolajonlarga asosan o‘yin orqali ta’lim berilishi hayratimizni oshirdi. Yo‘laklardan tortib, xonaga kirguncha bolani rivojlantiruvchi raqamlaru, shakllar, tabiat tasvirlari tasvirlangan. Bola ta’lim olayotgan xonasiga kirayotganda salom berishi barobarida maxsus doskalarda o‘z kayfiyati va davomatini ham belgilab boradi.
- Markazning asosiy maqsadi bolaning shaxsini rivojlantirish, uning istaklariga quloq tutish orqali ta’lim berish hisoblanadi, - deydi “Ilk rivojlanish markazi” koordinatori Zarina Zohidova. – Shuning uchun dasturlarimiz ham oddiy bog‘chalardagidan biroz farq qiladi. Markazda 40 ta o‘yin guruhlari tashkil etilgan bo‘lib, bu guruhlarda tarbiyalanayotgan bola ularga 20 nafar pedagog ta’lim bermoqda. Pedagoglarning barchasi xorijlik mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan seminarlarda o‘qitilgan.
Loyiha boshidan beri 1224 oila, 1421 nafar bola, shundan 12 nafari alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalar qamrab olindi. Oilalar va bolalarga uyga tashrif buyurish uchun jadval tuziladi, unga ko‘ra har bir pedagog masofaga qarab oilalarga boradi. Supervayzer sifatida pedagoglarga yordam beradigan 2 mentor – murabbiy bor. Har bir pedagog 10 ta oilaga hamroh bo‘ladi, har bir oila uchun reja ishlab chiqiladi, unda rivojlanish maqsadlari, rivojlanish bosqichlari va bolalarning rivojlanishi uchun kutilayotgan yakuniy natijalar belgilanadi.
Mazkur rivojlanish markazi uchta muqobil model asosida faoliyat yuritadi. Birinchi model bu uyga tashrif buyurish modeli bo‘lib, unda maktabgacha ta’limga qamrab olinmagan 2-6 yoshli bolalari bo‘lgan kam ta’minlangan oilalar qamrab olinadi. Ayni paytda 326 oilaning 343 nafar bolasiga 17 nafar pedagog ta’lim-tarbiya bermoqda. Loyiha boshlanishidan beri 696 oila, 786 nafar bola qamrab olindi. Bolalarga bu mashg‘ulot payti yengil tamaddi va mevalar beriladi.
Ikkinchi modelga ko‘ra markazda erta yoshdan o‘qitish bo‘yicha o‘yin guruhlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Unga ko‘ra, bolalar haftasiga 5 kun, kuniga 3,5 soat o‘yin asosida o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Ushbu modelda ham 3-6 yoshli bolalari bor kam ta’minlangan oilalar ishtirok etadi. Ayni damda modelga 452 oilaning 542 nafar bolalari qamrab olingan. Ularning 7 nafari alohida ta’limga ehtiyoji bor o‘g‘il-qizlar.
Uchinchi modelimiz esa bolalarda alohida ta’limga ehtiyoji bor oilalarga tashrif. Bunda 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar va qo‘llab-quvvatlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan oilalar farzandlariga ta’lim beriladi. Ayni paytda 31 oilaning 32 nafar farzandi qamrab olingan. Loyiha avvalidan boshlab 109 nafar bola shu dastur bo‘yicha ta’lim oldi. Ular 8 marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
2024-2025-o‘quv yilida 137 nafar bola maktabga chiqqan bo‘lsa, ularning 4 nafari alohida ehtiyojga ega bolalardir. Bu bolalarning oddiy maktabga borishi ushbu dasturning asosiy muvaffaqiyatlaridan biri, deb o‘ylayman.
Aytish kerakki, bugungi kunda Toyloq tumanida bolalarning maktabgacha ta’lim tizimiga qamrovi 81 foizni tashkil etmoqda, uning 4,3 foizi rivojlanish markazi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, loyiha ish boshlagan, 2021-yildan boshlab kam ta’minlangan 2026 oilaning 2315 nafar bolalari maktabgacha ta’limga jalb etildi.
Bir misol aytay, DAUN sindromli 3 yoshli bola bilan shug‘ullana boshlaganimizda, u deyarli hech qanday xatti-harakatni mustaqil bajara olmasdi. Ikki yillik mashg‘ulotlardan so‘ng unda bir qator o‘zgarishlar sodir bo‘ldi va u oddiy bog‘chaga borish imkoniga ega bo‘ldi. Ya’ni, u shu payt davomida dori-darmon qabul qilmadi, faqat o‘yinli, harakatli mashg‘ulotlar, tengdoshlari bilan muloqot orqali salomatligi, hatto shifokorlarning o‘zlari ham hayron qoladigan tarzda o‘zgarishiga erishdi.
Hozircha faqat Toyloqda va Namanganning Kosonsoy tumanida tashkil etilgan bu kabi markazlar kelgusida barcha tumanlarda tashkil etilishi belgilandi.
Gulruh MO‘MINOVA.