Odobnoma : Oddiy odamlarning hayoti – oddiyroq!
Xodim kamtargina idorasidan chiqib, gumbazlari oftobda yarqirayotgan imperator saroyiga qarab o‘yladi: “Men ham oliy nasablar oilasida tug‘ilganimdami? Hayotim juda shohona bo‘lardi”. U shovqin-suron asboblarning bir maromda taq-tuqi eshitilayotgan shahar markazi tomon yo‘l oldi. Bu yerda ishchilar yangi bino qurayotgan edilar. Ulardan biri qog‘oz ko‘targan olifta xodimni ko‘rdi va o‘yladi: “Eh, nega men otam aytgandek, o‘qimadim-a! Hozir men ham uningdek, olifta kiyinib yurardim, kuni bo‘yi yozuvlarni ko‘chirib o‘tirardim va hayotim osoyishta kechardi”.
Shu payt imperator o‘z saroyidagi katta va yorug‘ deraza oldiga keldi, maydonga ko‘z soldi, quruvchilarni, qog‘oz ko‘targan xodimni, sotuvchilarni, kattalar va bolalarni ko‘rdi-da, beixtiyor o‘yladi: “Ulardek kuni bo‘yi toza havoda bo‘lish, jismoniy mehnat qilish, idorada tinchgina qog‘oz qoralash yoki savdogar bo‘lish qanchalar yaxshi. Siyosat va boshqa murakkab masalalar to‘g‘risida bosh qotirmaysan kishi”. So‘ng: “Oddiy odamlarning hayoti – oddiyroq”, deb qo‘ydi o‘zicha.
“Hikmatlar javohiri” kitobidan.