Odobnoma: Otangga qilganingni bolangdan ko‘rarsan

Bir odam uzoq umr ko‘rib o‘g‘lining joniga tegibdi. O‘g‘il otasini tog‘u toshga tashlab kelish maqsadida qopga solib, yo‘lga tushibdi. Charchab, bir daraxt ostida to‘xtaganda otasi kulibdi. O‘g‘il bundan ajablanib: «Nega kulyapsiz?», deb so‘rabdi. Shunda ota debdi: “Men ham otamni qopga solib tog‘u toshga tashlab kelish maqsadida orqalagan edim. Tasodifni qaraginki, xuddi shu yerga kelganimda men ham dam olish uchun to‘xtagan edim. Otamga qilgan odobsizligim jazosini endi ko‘rib turibman. Otamga qanday muomala qilgan bo‘lsam, bugun o‘shanday muomala o‘z o‘g‘limdan qaytdi. Nimani eksang, shuni o‘rasan, deb juda to‘g‘ri aytganlar. Men otamni hurmat qilmadim, dillarini og‘ritdim...”.

Yigit otasining so‘zlaridan ta’sirlanib, qilayotgan ishidan pushaymon bo‘lib, ko‘z yosh to‘kibdi. Darhol otasini quchoqlab, undan uzr so‘rabdi. Ota emasmi, u ham o‘g‘lining gunohini kechiribdi, uning ko‘z yoshlarini artib, quchog‘iga olib erkalabdi...

Imom Muslimdan rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambarimiz otalaringizga mehribon bo‘linglar, shunda sizlar ham farzandlaringizdan mehr-muruvvat ko‘rasiz, deydilar.

Bu haqda farzandlaringizga so‘zlab bering.

«Odoblar xazinasi» kitobidan.