Odobnoma: Qayerga borishingiz, qayerda ekaningizni onangizga bildiring
Uqaylning mavlosi Abu Murradan rivoyat qilinishicha, Madinaning hokimi bo‘lgan Marvon ibn Hakam biror yoqqa ketsa, o‘zining o‘rniga Abu Hurayra roziyallohu anhuni qo‘yib ketar edi. Mana shu holatning o‘zi ham Islom olamida Abu Hurayra roziyallohu anhuning tutgan o‘rinlari qanchalar ulug‘ ekanini yaqqol ko‘rsatib turadi.
Endi ana shu ulug‘ sahobiy, katta obro‘ sohibi, podshohlar uning oldida ta’zim qiladigan zot onasining oldida o‘zini qanday tutishini ko‘rib qo‘ying: uyidan har chiqishida onasining ostonasiga bosh urib, salom berib, tashakkur aytib, ijozat so‘rab, ko‘chaga chiqar edi.
Uyiga har kirishida onasining ostonasiga bosh urib, salom berib, tashakkur aytib, ijozat so‘rab, ko‘chadan kelganining xabarini berar edi.
Abu Hurayra roziyallohu anhuning bu go‘zal ishi asrlar osha ko‘plab musulmon farzandlarning odatiga aylangani faxrimiz boisidir. Demak, farzandlar ko‘chaga chiqqanda va qaytganda ota-onalarga xabar, salom berib, tashakkurlar aytib turishlari yuksak odob namunasi ekan.
O‘zbekiston Musulmonlar idorasi
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati.