Odobnoma: Qarindoshlik rishtalarini uzmang
Abu Hurayradan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga bir kishi kelib:
«Ey Allohning Rasuli! Mening qarindoshlarim bor. Men ularga silai rahm (oqibat) qilaman, ular esa mendan aloqalarini kesadilar. Men ularga yaxshilik qilaman, ular esa menga yomonlik qilishadi. Men ularni kechirib yuboraman, ular esa meni haqorat qilishadi», dedi.
«Agar holat sen aytgandek bo‘lsa, ularga qizigan kulni yedirgandek bo‘lasan. O‘z holingda bardavom bo‘lsang, ularning ziddiga sen bilan Allohdan bir yordamchi doim birga bo‘ladi», dedilar».
Bu hadisda qarindoshlar yomonlik qilsa ham, ularga yaxshilik qilishni davom ettiraverish kerakligiga urg‘u berilmoqda. Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan biriga – qarindoshlarining yomonliklaridan shikoyat qilib kelgan kishiga tasalli berib, ularga yaxshilik qilishda bardavom bo‘lishga chorlamoqdalar. Agar u mazkur xayrli ishida bardavom bo‘lsa, unga osonlik yaratilishini va’da qilmoqdalar.
«Alloh taolo senga doimiy bir yordamchi tushiradi, ya’ni farishtalarni senga suyanchiq qilib qo‘yadi. Agar sen shu ishingda davom etsang, ya’ni qarindoshlaring yaxshilik qilmasa ham, sen ularga yaxshilik qilib tursang, ular haqorat qilsa ham, sen ularni kechirib tursang, Alloh subhanahu va taolo senga bir yordamchini berib qo‘yadi. Qilayotgan yaxshiliklaring tufayli u doim sening yoningda bo‘ladi», demoqdalar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Rahm Allohning ismidan olingan. Kim uni bog‘lasa, Alloh ham uni bog‘laydi. Kim uni uzsa, Alloh ham uni uzadi», dedilar».
Ushbu rivoyatlar qarindoshlik aloqalari mo‘min-musulmon odam uchun qanchalar ahamiyatli ekanini ravshan ko‘rsatib turibdi. Qarindoshlik aloqalari Alloh taoloning Rohman sifati ila chambarchas bog‘liq ekanini tasdiqlab turibdi. Shunday ekan, siz bilan biz qarindoshlik aloqalariga alohida e’tibor ila qaraylik, ularni doimo a’lo va go‘zal darajada tutaylik.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi axborot xizmati.