Og‘ir bemorlarga shoshilinch konsultativ yordam ko‘rsatish vaqti tezlashdi
Qariyb 20 yildan buyon Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali qoshida sanitar aviatsiya xizmati faoliyat yuritadi. Mazkur xizmat viloyatimizning 5 km.dan 150 km. masofagacha bo‘lgan shahar va tumanlarida joylashgan tibbiyot muassasalaridagi chaqaloqlar tug‘ilishidagi asoratlar, o‘tkir buyraklar yetishmovchiligi, qattiq jarohatlar, koma holati hamda zaharlanish kabi og‘ir holatlardagi bemorlarga tashxislash va davolash amaliyotlarini shoshilinch tarzda amalga oshiradi.
Joriy yilning fevral oyida viloyat hokimligi tomonidan shoshilinch tibbiy yordamga mo‘ljallangan mazkur sanitar aviatsiya xizmati uchun ikkita “Nexia” avtomashinasi hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan berilgan HUNDAY reanimobili bo‘limning ishini yanada osonlashtirib, bemorlargacha yetib borish vaqti tezlashdi.
Hozirda sanitar aviatsiya xizmatida 358 nafar malakali shifokorlar xizmat ko‘rsatadi. O‘tgan 2018 yilda sanitar aviatsiya xizmati bo‘limi tomonidan jami 2183 ta chaqiriq qayd etilib, 2442 nafar bemorga yordam ko‘rsatilgan. Mazkur chaqiriqlarning 266 tasida shoshilinch jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, 81 nafar bemor Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali va viloyat davolash-profilaktika muassasalariga ko‘chirilgan.