Yana bir guruh o‘zbek shifokorlari Tojikistonga bordi
O‘zbek shifokorlari Tojikistonning Sug‘d viloyatiga tojik hamkasblariga COVID-19 ni yengish uchun yordamga kelishdi. Bu haqda Sputnik Tojikiston nashri viloyat ma’muriyati matbuot xizmatiga tayangan holda xabar bermoqda.
To‘rt kishilik shifokorlar guruhi epidemiolog, virusolog va ikki nafar anesteziologlardan iborat guruhga Ne’matjon Ibragimov boshchilik qilgan.
Sug‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda bilan uchrashuvda ular tojik hamkasblari bilan ikki kun viloyat kasalxonasida ishlashgani va tajriba almashganini ma’lum qilishdi.
“Bemorlarni davolash professional tarzda olib borilmoqda. Agar tajribali shifokorlar bundan keyin ham shunday ishlashda davom etsa, yaqin kunlarda ular COVID-19 ustidan to‘liq g‘alaba qozonishadi”, deya ta’kidlagan Ibragimov.
Eslatib o‘tamiz, may oyi boshida ham bir guruh o‘zbekistonlik yuqori malakali va tajribali shifokorlar Tojikistonga koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun yordamga jo‘nab ketgan edi.