Samarqandda «Temir daftar»ga kiritilgan fuqarolar bepul operatsiya qilinmoqda
Samarqandda chanoq-son va tizza bo‘g‘imlarini endroprotezlash bo‘yicha jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Ahamiyatlisi, respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokorlari tomonidan o‘tkazilayotgan bunday jarrohlik amaliyotlari ijtimoiy himoyaga muhtoj, qarovchisiz va nogironligi sababli «Temir daftar»ga kiritilgan, 35 nafar tayanch harakatida patologiyalari bor aholiga bepul o‘tkazilmoqda.
- O‘rta Osiyo mamlakatlari aholisi orasida tug‘ma son chiqishlari ko‘p uchraydi, - deydi ushbu tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori o‘rinbosari Ma’ruf Qodirov. - O‘z vaqtida davolanmasa, yillar o‘tib, asoratini qoldiradi, hatto nogironlikka olib keladi. Shuningdek, turli yillarda jarohat olib, o‘z vaqtida to‘g‘ri davolanmaslik va oqibatda bo‘g‘imlar yemirilishi holati ham harakatda nuqsonlar keltirib chiqaradi. Ushbu jarrohlik amaliyotlari, mana bir necha yildirki, markaz shifokorlari tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, filialimizda yiliga 250 ga yaqin endoprotezlar qo‘yiladi, shuningdek, yuzlab umurtqa pog‘onasi nuksonlarida murakkab jarrohlik amaliyotlari, bo‘g‘imlar artroskopiyasi, uzun va kalta naysimon suyaklar sinishlarida zamonaviy bloklovchi intramedulyar osteosintez amaliyotlari ham amalga oshirib kelinmoqda. Bu shuncha insonlarning nogironligini oldi olindi, deganidir.
Poytaxtdan kelgan shifokorlar tomonidan tayanch-harakati tizimida nuqsoni bo‘lgan fuqarolarga kaminvazivli jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilib, ularning kelgusida to‘laqonli hayot kechirishlari uchun imkon yaratilmoqda. Shuningdek, ular tomonidan samarqandlik travmatolog shifokorlarga mahorat mashg‘ulotlari o‘tkazilib, nazariy bilim berildi.
- Bolaligimda sonlarning tug‘ma chiqishi xastaligi bilan og‘riganman, - deydi Samarqand shahridagi Ziyokorlar mahallasida yashovchi M.Hakimova. – O‘sha payti oyoqlarim kechroq operatsiya qilingan ekan. Shuning uchun yillar o‘tib asorati bilindi va yurishim, egilishim va umuman, harakatlarimda jiddiy o‘zgarish sodir bo‘ldi. Kam ta’minlangan oilamiz, to‘rt nafar farzandim bor, ularni oyoqqa qo‘yib olishda hali mehnat qilishim kerak. Mahallamiz faollari shuni inobatga olib, bizni «Temir daftar»ga kiritgandi. Hozir jarrohlik amaliyotiga tayyorlashyapti, uning yaxshi chiqishidan umidvorman.
Albatta, har bir operatsiya o‘ziga xos murakkab jarayon. Qolaversa, endoprotezlash jarayonida faqatgina shifokorning mahorati emas, balki ushbu operatsiyada muhim bo‘lgan tibbiy moslama ham lozim bo‘ladi. Xususan, endoprotez uchun lozim bo‘lgan tibbiy moslamaning o‘zi xorijdan keltirilib, har birining narxi o‘rtacha 20 million so‘mni tashkil qiladi. «Temir daftar»dagi aholi uchun esa bu moslamalar byudjet mablag‘lari hisobidan keltirilmoqda.
Gulruh Mo‘minova.