O‘g‘irlangan maqola “necha pul”ga tushadi?
- Bir jurnalist yozgan maqolani olib, o‘z nomimdan nashrga bergan edim. Endi u o‘ziga yetkazilgan ma’naviy zarar uchun kompensatsiya so‘rayapti. Uning talabi to‘g‘rimi?
- Ma’naviy zarar deganda fuqaroga tug‘ilishidan yoki qonunga muvofiq tegishli bo‘lgan moddiy boyliklarga daxl etuvchi yoki uning shaxsiy nomulkiy huquqlarini (o‘z nomidan foydalanish huquqi, mualliflik huquqi hamda aqliy faoliyat natijalariga bo‘lgan huquqlarni muhofaza qilish va boshqalar) buzuvchi harakat yoki harakatsizlik ortidan yetkazilgan ma’naviy yoki jismoniy og‘riq va iztiroblar tushuniladi.
Ma’naviy zarar, jumladan, qarindoshlarini yo‘qotish, faol ijtimoiy hayotni davom ettira olmaslik, ishsizlik, oila yoki shifokor sirining oshkor etilishi, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishbilarmonlik obro‘sini tushiradigan yolg‘on ma’lumotlar tarqatilishi, jarohat yoki sog‘liqqa yetkazilgan shikast oqibatida ma’naviy iztirob chekishdan iborat bo‘lishi ham mumkin. Ma’naviy zarar uni yetkazgan shaxsning aybidan qat’i nazar, qoplanishi lozim. Uni qoplashning har xil shakllari, xususan, zarar yetkazuvchiga uzr so‘rash majburiyatini yuklash, ish joyiga tiklash, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish hamda pulli shakli ham mavjud. Biroq ma’naviy zarar uchun to‘lanadigan kompensatsiyaning miqdori jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va ma’naviy iztiroblar xususiyatiga qarab sud tomonidan belgilanadi.
- Qo‘shnimning buzog‘i tez-tez arqonini uzib hovlimga o‘tadi va ekinlarimni payhon qiladi. Yaqinda buzoqni menga yetkazilgan zarar uchun, deb molxonaga qamab qo‘ydim. Bu harakatim uchun javobgarlikka tortilmaymanmi?
- Bu qonun hujjatlari yoki bitimda belgilangan asoslarsiz boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan mol-mulkka egalik qilish, ya’ni asossiz boylik orttirish hisoblanadi. Asoslarsiz boshqa shaxsning hisobidagi mol-mulkni egallab olgan yoki tejab qolgan shaxs (qo‘lga kirituvchi) mazkur mol-mulkni jabrlanuvchiga qaytarib berishi shart. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1030-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Asossiz orttirilgan mol-mulkni qaytarib berish majburiyati, shuningdek, mol-mulkni egallab olish yoki tejab qolish asosi keyinchalik bekor bo‘lganda ham yuzaga keladi. Mazkur qoidalar qo‘lga kirituvchining, jabrlanuvchining, uchinchi shaxslarning xulq-atvori natijasi bo‘lganligidan yoki ularning irodasidan tashqari sodir bo‘lganligidan qat’i nazar, qo‘llaniladi.
Savollarga Past Darg‘om tumanlararo iqtisodiy sudi raisi Luqmon Asatov javob berdi.