Oilaviy bolalar uyida 5 nafargacha bola tarbiyalanadi
2022 yil 4 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab:
oilaviy bolalar uylari yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni oilaga tarbiyaga olishni istagan fuqarolar tomonidan yuridik shaxs maqomisiz tegishli tuman (shahar) hokimining qarori asosida tashkil etiladi;
oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar soni kamida 3 nafarni, lekin ko‘pi bilan 5 nafarni tashkil qilishi lozim. Bunda, oilaviy bolalar uyini tashkil qilgan fuqarolarning o‘z farzandlari hamda tarbiyalanuvchilarning umumiy soni 8 nafardan oshmasligi kerak (ushbu cheklov davlat tarbiya muassasasi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan va yuridik shaxs maqomisiz qayta tashkil etilayotgan oilaviy bolalar uylariga tatbiq etilmaydi);
oilaviy bolalar uylarini tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan fuqarolar tomonidan tashkil qilishga ruxsat etiladi;
oilaviy bolalar uylari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Milliy gvardiya hamda tuman (shahar) hokimliklarining bolalarni himoya qilish shu’balari tomonidan amalga oshiriladi;
Amalda yuridik shaxs maqomidagi davlat tarbiya muassasasi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan oilaviy bolalar uylari yuridik shaxs maqomisiz qayta tashkil etiladi.
2022 yil 1 sentyabrdan boshlab:
oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga har oyda Davlat byudjetidan:
har bir tarbiyalanuvchining yashash xarajatlari uchun 7 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida, 8 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan tarbiyalanuvchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari miqdorida;
har bir tarbiyalanuvchini parvarish qilish uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1 baravari (nogironligi bo‘lgan bolalar uchun 1,5 baravari) miqdorida;
tarbiyaga olingan har bir nogironligi bo‘lgan bolani davolash-sog‘lomlashtirish uchun har oyda bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida mablag‘ ajratiladi.
Tarbiyalanuvchilarning yashash xarajatlari uchun ajratilgan mablag‘lar har oyning 5-sanasiga qadar tutingan ota-ona nomiga ochilgan bank plastik kartasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazib beriladi;
Oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilar hududda joylashgan davlat sport majmualari, ma’naviy-ma’rifiy maskanlar, to‘garaklar, ot sporti seksiyalari, «Ishga marhamat» monomarkazlari va boshqa o‘quv markazlaridagi to‘garaklar va kurslarga bepul qatnashadi. Ular uchun O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan yiliga bir marotaba sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam olish uchun bepul yo‘llanmalar ajratiladi. Tuman (shahar) hokimliklari tomonidan bir yilda ikki marotaba respublikamizning tarixiy shaharlariga bepul sayohatlar hamda teatr tomoshalari va konsert dasturlari tashkil etiladi. Tarbiyalanuvchilar davlat davolash-profilaktika muassasalari tomonidan bir yilda ikki marta bepul to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Oilaviy bolalar uyidagi tarbiyalanuvchilarga berilayotgan sog‘lomlashtirish oromgohiga va sayohatga borish, teatr tomoshalari va konsertlarda qatnashishga oid imtiyozlar oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarning o‘z farzandlariga ham tatbiq etiladi.