Samarqandda ilk oilaviy bolalar uyi ochildi

Bugun erta tongni 1-son Mehribonlik uyida tarbiya topayotgan bolalar o‘zgacha hayajon bilan qarshi oldi. Samarqand viloyatida ilk bor oilaviy bolalar uyining ochilishi bo‘lib o‘tdi.

Ezgu ishga qo‘l urgan Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Nayman massivi Nurafshon ko‘chasida istiqomat qilayotgan Raximovlar oilasi o‘zining “Oilaviy bolalar uyi”ni ochib, 4 nafar qiz va 1 nafar o‘g‘il bolani oila bag‘riga qabul qilib olishdi. Shuningdek, Qorasuv massivi Bahodir Yalangto‘sh MFY 96-uyda istiqomat qiluvchi Usmonovlar oilasi ham 5 nafar qizlarni o‘z oilasi bag‘riga qabul qilishdi.

Oilaviy bolalar uylarining tantanali ochilish marosimida Milliy gvardiya Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i polkovnik L.Yaxshilikov so‘zga chiqib, xonadon egalariga o‘z minnatdorligini bildirdi.

Tadbir davomida oilaviy bolalar uyi egalariga Milliy gvardiya va hokimlikning esdalik sovg‘alari topshirildi va yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Rahimovlar oilasi vakili Rahimova Marhabo va Usmonovlar oilasidan Usmonova Irodalar 1-son Mehribonlik uyi tarbiyachilari sanalib, ularning tashabbusi va bolaga bo‘lgan cheksiz mehri sabab, o‘z xonadonlarida mazkur oilaviy bolalar uyi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.

Ularning xonadonlari kerakli barcha jihozlar bilan ta’minlanib, bolajonlarga qulay shart-sharoitlar yaratib berildi. Kelgusida viloyatimizda bu kabi oilaviy bolalar uyidan yana 4 tasi ochilishi rejalashtirilgan.