Oilaviy tadbirkorlik uchun 483 milliard so‘m kredit ajratilgan

Joriy yilning o‘tgan 7 oyida viloyatimizda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida tijorat banklari tomonidan 20 mingdan ortiq loyihaga 483,5 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi.

Dasturlar doirasida ajratilgan kreditlarning 56,9 milliard so‘mi (12 foiz) yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga, 426,6 milliard so‘mi (88 foiz) o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxslarga ajratilgan. Bunda asosiy e’tibor aholini qo‘shimcha daromad manbalariga ega bo‘lishiga hamda kafolatlangan yangi ish o‘rinlarini yaratishni nazarda tutuvchi tadbirkorlik sub’yektlari loyihalarini moliyalashtirishga qaratildi.

Kreditlarning 92,9 foizi (449,2 milliard so‘m) “Har bir oila – tadbirkor” dasturi, 7,1 foizi (34,3 milliard so‘m) boshqa dasturlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu mablag‘larning 194,5 milliard so‘mi xotin-qizlar tadbirkorligi, 184,5 milliard so‘mi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga ajratilgan.

Dasturlar doirasida ajratilgan kreditlar yo‘nalishlar bo‘yicha ishlab chiqarishga 18,8 milliard so‘m, chorvachilik uchun 92,4 milliard so‘m, issiqxonaga 41,9 milliard so‘m,  tikuvchilik uchun 41,6 milliard so‘m, xizmat ko‘rsatishga 193,9 milliard so‘m hamda boshqa yo‘nalishlar (bog‘dorchilik, baliqchilik va boshqa)ga 94,9 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.

Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi axborot xizmati.