Samarqandda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 18,7 mingta loyiha moliyalashtirilgan

Viloyatdagi tijorat banklari tomonidan joriy yilning o‘tgan 10 oyida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan tadbirkorlarga 5 trillion 462 milliard 494 million so‘m ajratildi.

Jumladan, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan 1 129 ta investitsiya loyihasiga 2 trillion 53 milliard 494 million so‘m kredit ajratildi.

Bundan tashqari, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash dasturlari doirasida 18 706 ta loyihaga 528 milliard 324 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan. Shuningdek, “Temir daftar”da ro‘yxatga olingan 1 562 nafar fuqaroga 26 milliard 7 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. 

Tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida ajratilgan kreditlar hisobiga viloyatimizda 22 700 nafardan ortiq fuqaro bandligi ta’minlandi.

Prezidentimizning 2019 yil 24 oktyabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha 2020 yilda viloyatimizdagi tijorat banklari tomonidan 406 milliard so‘m kredit ajratilishi belgilangan bo‘lib, 528 milliard so‘m yoki 30 foizdan ortiq imtiyozli kredit ajratildi.

2020 yilning o‘tgan davrida ajratilgan kreditlar bo‘yicha Tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining moliyaviy ko‘magida 2 468 tadbirkorlik sub’yektiga ajratilgan 1 trillion 793 milliard 26 million so‘mlik kredit bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga kompensatsiya jalb etildi. 340 tadbirkorlik sub’yektiga ajratilgan 407 milliard 541 million  so‘mlik kreditlar bo‘yicha kafillik belgilandi.

Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi axborot xizmati.