Qonunda bor, ammo elektr ta’minoti korxonalarida nega ijro qilinmayapti?

Janubiy Koreyani Janubiy Koreya qilgan oilaviy korxonalar ekan. Masalan, "Samsung" kompaniyasi dastlab oilaviy korportativ sifatida ish boshlagan. Davlatning qo‘llab-quvvatlovi bilan jahon bozorida yetakchiga aylangan korxonada 100 minglab odam ish bilan ta’minlangan.

Bizda ham shunday gigant ish beruvchilarni shakllantirish uchun qonuniy asoslar yetarli. Biroq ularni amalga oshirish uchun qonunosti yoki tizimga oid to‘siqlar bor.

Bunga elektr energiyasi tizimidagi ba’zi qoida yo normalar orasida tartibga solinadigan, qaysiki, bugungi kun talablariga mos tushmaydiganlarini misol keltirish mumkin.

Jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Narpay tumani bo‘limi “A.O” oilaviy korxonasi rahbari S.I.ga nisbatan elektr energiyasidan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq jinoiy ish ochdi. Chunki tadbirkor payvandlash va boshqa uskunalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektr tarmog‘iga ulab, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelganligi oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 830,3 million so‘m zarar yetkazgan.

Balki tergov harakatlari yakunida vaziyat kutilmagan tarafga o‘zgarishi mumkin. Amaliyotda bunday holatlar uchrab turadi. Lekin nima bo‘lganda ham bir holat turli savollar paydo qiladi. Tadbirkorlik sub’yekti tarmoqqa noqonuniy ulanishi mumkinmi? Agar shunday bo‘lsa, u tadbirkor emas.

Mayli, masalaning bu jihatlari ko‘pam muhim ahamiyatga ega emas. Lekin bir jihatni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Chunki Samarqand shahridagi ishlab chiqarish korxonalaridan biri o‘tgan yili 800 million so‘mlik elektr energiyasi iste’mol qilgan. Demak, mantiqan olib qaraydigan bo‘lsak, Narpaydagi oilaviy korxona elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanib olganiga bir yil bo‘lganmi?

Garchi tergov materiallarida bu haqda aniq davr ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, keling, bu muddatni yarim yil, deb olaylik, o‘rinli savol tug‘ilmaydimi – tarmoq egalari, montyorlar nahot shuncha payt “tok”dan kimdir o‘g‘rincha foydalanayotganini sezmagan bo‘lsa?!

Balki boshida ikki o‘rtada “nimadir” oldi-berdi bo‘lib turganu keyinchalik tadbirkor “xizmat haqi”ni berishdan bosh tortganidan keyin “ushlab” berilgandir?! Ammo ayni paytda ko‘pchilikni qiziqtirayotgan boshqa masalalar ham bor.

Masalan, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonunning 28-moddasida oilaviy korxonaning kommunal infratuzilma ob’yektlaridan foydalanishini ta’minlash tartibi belgilangan.

Unga ko‘ra, oilaviy korxona turarjoydan bir vaqtning o‘zida unda istiqomat qilgan holda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko‘rsatish) uchun foydalangan taqdirda, kommunal infratuzilma xizmatlari (elektr energiyasi, suv ta’minoti, kanalizatsiya, gaz ta’minoti va issiqlik ta’minoti) haqini to‘lash aholi uchun belgilangan tariflar bo‘yicha va shartlar asosida amalga oshiriladi.

Ammo amalda bu norma mutlaqo ishlamaydi. Oilaviy korxona maqomi  bir tom ostidagi odamlarga biror ish bilan shug‘ullanib, avvalo, ro‘zg‘orini but qilishi uchun berilgan imkoniyat va imtiyoz. Shu bois bunday tadbirkorlik faoliyatini uyida amalga oshirish uchun uning muayyan qismini noturarjoyga aylantirish shart emas.

Ammo savol tug‘iladi: bundan kimga, nima naf, zotan, qonunda belgilangan yengillik amalda ishlamasa?

Ayni shu savol bilan Energetika vazirligi bilan bog‘lanib ko‘rdik. Ular bergan javobga ko‘ra, qonunda belgilangan imtiyoz qo‘llanishi, ya’ni oilaviy korxona aholi bilan bir xil narxda elektr energiyasi xarid qilish uchun korxonani ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasi hamda haqiqatan turarjoyda faoliyat olib borayotganligini tasdiqlovchi hujjat (kadastr hujjati) taqdim etilishi lozim.

Xo‘p shunday ham deylik, bu talab qaysi hujjat bilan belgilangan?

Qolaversa, hozir xalq davlatga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerakligi tamoyilidan kelib chiqadigan bo‘lsak, tarmoq korxonalari oilaviy korxonaga “kechirasiz, shartnoma imzolashda korxona guvohnomasi va uy-joyingizning kadastr hujjatini ilova qiling”, deyishi kerak emasmi?

Aniqroq aytganda, elektr tarmoqlari oilaviy tadbirkorlik sub’yektiga “Siz aholi uchun belgilangan tarif bo‘yicha to‘laysiz, davlatimiz rahbarining siyosati bu – endi bola-chaqangiz bilan ko‘proq pul topishingiz kerak”, deyishga majbur-ku!

Yo.Marqayev.