Urgutdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarining barchasiga quyosh panellari o‘rnatildi

 Urgut viloyatimizda aholi soni bo‘yicha eng katta tumanlardan biri. Qolaversa, tuman hududida viloyat va respublika miqyosidagi eng yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yuritadi. Bunday yirik iste’molchilarni elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida muqobil energiya manbalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan Urgut tuman elektr tarmoqlari bo‘limiga tashkil etilgan press turda ma’lumot berildi.

- Korxonalarning ko‘payishi barobarida kun sayin elektr energiyaga talab ortadi, - deydi energiya sotish bo‘limi rahbari Shavkat Tursunqulov. – Endilikda tumandagi yirik ishlab chiqarish korxonalari muqobil energiya manbalaridan foydalana boshladi. 80 nafar aholi o‘z uylariga quyosh panellari o‘rnatdi. Tumandagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari ham muqobil energiya manbalaridan foydalanmoqda.  Xususan, “Kamalak” mas’uliyati cheklangan jamiyati 150 kilovat kuchlanishga ega quyosh panelini o‘rnatayotgan bo‘lsa,  “Sam Ferre” ishlab chiqarish korxonasi 1 megavatga teng keladigan quyosh paneli olib kelib o‘rnatyapti.

Bu yo‘nalishdagi ishlarimizni davom ettirib, keyingi navbatda ovqatlanish shoxobchalari va dam olish maskanlarida ham quyosh panellarini o‘rnatish ishlarini boshlaganmiz.

Bugungi kunda tumanda 74 ming nafar iste’molchi bo‘lib, ularning 67 mingtasi aholi, 3 ming 600 ga yaqini yuridik tashkilotlar. Ulardan 63 mingdan ortig‘iga ASKUE elektr hisoblagichlar o‘rnatilgan bo‘lib, qolgan 7 ming nafariga ham yangi hisoblagichlar o‘rnatilyati.

- Joriy yil aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida hududlarda 8 ta transformator punkti va 624 ta temir beton ustunlari o‘rnatilib, 22,35 kilometr elektr uzatish tarmog‘i tortildi, - deydi tuman elektr ta’minoti bo‘limi rahbari Oybek Xoliqov. - Xususan, tumanning Choshtepa, Mingtepa mahallalarida yangi tarmoq qurish ishlari bajarildi. Kuz-qish mavsumi oldidan  225 ta transformator punktlari mukammal va joriy ta’mirlandi. “Urgut-2” nimstansiyasiga shu kungacha ishlatilayotgan 25 ming kVAlik transformator o‘rniga 40 ming kVAlik transformator o‘rnatyapmiz va bu bilan energiya miqdori ko‘payishiga erishamiz.