Shu kunlarda elektr ta’minotida juda ko‘p uzilishlar bo‘layotgani aytilmoqda: Mutasaddilar holat yuzasidan munosabat bildirdi
Kecha, 26 iyul kuni kanalimizda «Bugungi jazirama kunlarda xonadoningizga elektr energiyasi uzluksiz tarzda berilyaptimi?» mavzusida so‘rovnoma o‘tkazildi.
So‘rovnomada (27 iyul, 09:00 holatida) ishtirokchilarning 43 foizi elektr ta’minoti muttasil ekanini, 34 foizi bir-ikki soat uzilishlar bo‘layotganini bildirgan bo‘lsa, 23 foiz qatnashchilar juda ko‘p uzilishlar bo‘layotganini qayd etgan.
"Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Samarqand hududiy filiali masala yuzasidan munosabat bildirdi. Jumladan, unda shunday deyiladi:
“Mazkur so‘rovnomada ishtirok etgan 23 foiz ishtirokchilar juda ko‘p uzilishlar bo‘layotganligini bildirishgan. So‘rovnoma izohlarida ko‘proq Payariq tumani va Samarqand shahrining ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgan yuzasidan izohlar qoldirilgan.
Ta’kidlab o‘tish joizki, ayni kunlarda viloyatimizda ham kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish munosabati bilan elektr uzatish tarmoqlarida mukammal va joriy ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Xususan, Payariq tumani hududida mavsum oldidan ta’mirlash taqsimot rejasiga asosan elektr uzatish tarmoqlarida ta’mirlash ishlari bajarilmoqda. Joriy yil 25-26 iyul kunlari «L-Nayman» 35 kV havo elektr uzatish tarmoqlarida ta’mirlash va 1-, 5-tayanchlar oralig‘idagi havo tarmoqlarini daraxt shoxlaridan tozalash ishlari olib borilishi va buning natijasida tumanning 20 dan ortiq mahallalarida elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, ayni kunlarda tuman hududida elektr uzatish tarmoqlarini yangilash ishlari ham olib borilmoqda.
Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, birgina Payariq tumanining o‘zida 2023 yilning ikkinchi yarmi va 2024 yilning hozirgi kuniga qadar 40 ga yaqin transformator punkti va 4 mingta temir beton ustunlari o‘rnatilib, 140 kilometr SIP kabellari va 10 kV havo elektr uzatish tarmoqlari tortildi. Ayni kunlarda ushbu tarmoqlarda yakuniy montaj ishlari bajarilmoqda.
Keyingi kunlarda Samarqand shahrida ham elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilayotganligi haqida murojaatlar bo‘lyapti. Xabaringiz bor, Samarqand shahrida 25-30 avgust kunlari “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur xalqaro musiqa festivali oldidan hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun podstansiyalarni quvvatini oshirish, tarmoqlarni yangilash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Samarqand shahar hududidagi «Shimoliy», «Sartepa» podstansiyalarida rekonstruksiya ishlari bajarilmoqda. Jarayonda mavjud eski yacheykalar va kabel tarmoqlari yangilanmoqda.
Ayni kunlarda O‘zbekiston bo‘yicha juda issiq ob-havo kuzatilmoqda. Bunday vaziyatda ham iste’mol va elektr uzatish tarmoqlarida yuklamalar ortish holatlari kuzatilmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, iste’molchilarga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda", deyiladi "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ Samarqand hududiy filiali munosabatida.