OIV  barcha mamlakatlar uchun muhim muammoga aylandi

Immunitet tanqisligi virusining ta’siri bugun faqat sog‘liqni saqlash tizimigagina emas, balki ko‘plab mamlakatlarning iqtisodiy va milliy xafvsizligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

So‘nggi yillarda xalqaro miqyosda OIV kasalligi tarqalishiga qarshi kurash masalasiga yondashuvlar keskin o‘zgardi. Dunyoda, shu jumladan, respublikamizda ham OIV infeksiyasi bo‘yicha vaziyat o‘zgarib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida, ushbu infeksiyaga qarshi chora-tadbirlarni mukammal, zamon talablariga mos holda olib borishni talab etadi.

Mamlakatimizda aholining OIVga qarshi tekshiruvini davr talablariga mos ravishda huquqiy jihatdan asoslab beruvchi hujjat Sog‘liqni Saqlash Vazirligining 2018 yil 25 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasining oldini olish chora-tadbirlari va tibbiy yordamni tashkil etishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi buyrug‘i hisoblanadi.

OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tekshiruvdan o‘tayotgan shaxsning sog‘ligi bo‘yicha holatini o‘rganish va baholash hisoblanib, OIV infeksiyasiga barvaqt tashxis qo‘yish, boshqalarga yuqishining oldini olish, tarqalganlik darajasini hamda unga qarshi kurash tadbirlari samaradorligini baholash, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni belgilash, epidemiyaning rivojlanishini nazorat qilish va donorlar qoni va uning tarkibiy qismlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida o‘tkaziladi.

Shu o‘rinda OIVning tibbiy tekshiruvi jarayonidagi ayrim qoidalarga to‘xtalib o‘tamiz. Birinchidan, davolash-profilaktika muassasalarining tibbiyot xodimlari OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tayotgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashi shart.

Davolash-profilaktika muassasasi tibbiyot xodimlari OIVni yuqtirib olgan shaxsni davolashda hamda profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirishda shifokor sirini saqlagan holda shaxsga nisbatan insonparvarlik munosabatida bo‘lib, uning huquqlarini poymol qilmasdan zarur tibbiy yordam ko‘rsatishi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Agar tekshiruvdan o‘tayotgan shaxsda OIV aniqlangan taqdirda, u bilan keyingi maslahatlashuv o‘tkazilib, dispanser hisobiga qo‘yilishi va mazkur shaxs o‘zga shaxslarga OIV infeksiyasini yuqtirganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida yozma ravishda ogohlantirilishi belgilab qo‘yilgan.

Tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish natijalari shifokor siri bo‘lib, uni shaxs yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz oshkor qilishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlanadi.

Shaxs anonim ravishda tekshiruvdan o‘tkazilib, unda musbat natija aniqlanganda, shaxsning qon namunalarini laborator tahlil qilish to‘xtatilishi va shaxs bilan keyingi maslahatlashuv o‘tkazilishi hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida ixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi tavsiya etilishi mumkin.

Amaliyotga tatbiq etilayotgan OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qoidalariga asosan, tekshiruvdan o‘tayotgan shaxsning iltimosiga ko‘ra, OIV mavjud emasligi to‘g‘risida tasdiqlangan shakldagi sertifikat berilishi ta’minlanadi. Ushbu sertifikatni berish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, faqat OITSga qarshi kurashish markazlarida haq evaziga amalga oshirilishi va boshqa tibbiy muassasalar tomonidan berilgan OIV mavjud emasligi to‘g‘risida sertifikat haqiqiy emas, deb hisoblanadi.

OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qoidalari ushbu masalalarga oid munosabatlarni tartibga solishning muhim jihatlarini o‘zida mujassamlashtirib, mazkur muammo bo‘yicha faoliyat olib boruvchi mutaxassislarga amaliyotdagi faoliyati uchun samarali yordam beradi.

M.ChUYaNOVA,

Samarqand OITSga qarshi kurashish markazi laboratoriya majmuasi vrach-laboranti.