Ojizlik nima? U insonni ne ko‘yga soladi?
Izohli lug‘atimizda bu so‘z arabcha bo‘lib, jismoniy jihatdan kuchsizlik, zaiflik, biror ish qo‘lidan kelmaslik, notavonlik ma’nosini beradi, deb yozilgan. Bunga no‘noqlikni ham qo‘shsa bo‘ladi. Ojizona degani esa itoatkorona yolvorish ekan.
Biz bu iborada jismoniy jihatdan kamchiligi bor yoki himoyaga muhtojlarni, ayollarni tasavvur etib o‘rganganmiz. Shu bois kamina ma’naviy, ya’ni ruhan ojizlar, notavonlar (fors tilida hech narsa qilolmaydigan ma’nosini beradi) haqida fikr yuritmoqchiman.
Xo‘sh, bundaylar qaysi toifadagi kishilar? Biz ularni qanday taniymiz?
Birinchidan, aniq maqsad bilan yashamayotganlar, qat’iyatsizlar. Ikkinchidan, yaxshi yashashga ishtiyoqi yo‘qlar, ya’ni “bersang-yeyman, ursang-o‘laman” deguvchilar. Uchinchidan, biror ish qilishga hafsala topmayotganlar, erinchoqlar. To‘rtinchidan, biror kasb-hunarni egallamaganlar, na oilada, na jamiyatda biror ishni uddalay olmaydiganlar - tekintomoqlar. Va nihoyat, beshinchidan, o‘zini himoya qila olmaydiganlar.
To‘g‘risi, rahbarlarning qabullari va o‘zimga kelgan murojaatlarni kuzatishda ana shu xulosaga keldim.
Ojizlik nimadan paydo bo‘ladi o‘zi? Fikrimcha, ular quyidagilar:
- oilada bir kishining gegemonligidan;
- bolaga doimo oilaning kichik a’zosi sifatida qarashdan;
- biror masalada farzandlar fikrini olmaslik va fikri bilan hisoblashmaslikdan;
- ota-onaning uydagi har bir yumushga xizmatchi, usta chaqirishidan;
- bolalarga ro‘zg‘or yuritishni o‘rgatmaslikdan;
- bolalarni oldi-berdi va pul muomalasiga o‘rgatmaslikdan;
- farzandlarga o‘qish va kasb tanlashda, biror ish bilan mashg‘ul bo‘lishda ibrat ko‘rsatmaslikdan, ularga bu borada mustaqillik bermaslikdan.
Ota-onaning istagi va yetagida yurgan o‘g‘il-qizlar, tabiiyki, ijroda birovning ko‘rsatmasi va nazoratiga o‘rganib qoladi. Ularda bir ishni oxirigacha yetkazish uchun qanoat, mashaqqat chekish shakllanmaydi. Eng yomon ko‘nikma bu - ro‘zg‘ordagi ishlarni o‘zlari uddalashga hafsala yo‘qligi.
Shu sababli bunday oila farzandlarini kasb o‘rganishga ozgina bo‘lsada, o‘ziga yetarli daromad topishga jalb etish mushkul. Turmush qurgach, ular yana birovning qo‘liga qarab qolishyapti, pul topish yo‘lini qidirishmayapti. Yaxshi maoshli ish so‘rab ariza yozishgani-yozishgan. Va... hayotning murakkab sinovlarida iroda, matonat topa olmay ojizlik qilib qolishyapti.
Achinarlisi shundaki, bunday kishilar o‘z ojizligini anglashga ham ojizlik qilyapti. O‘z noshudligini hisobga olmasdan duch kelgan idoradan avval yordam so‘raydi, keyin talab qiladi. Hayotdagi qiyinchilik sababini o‘zidan izlab ko‘rmaydi. Bundaylarga duch kelgan mutasaddilarga rosti, bazan rahmim keladi.
Binobarin, alloma Seneka "Barcha ojiz jonzotlarga sal tegib ketilsa, ularga urganday tuyuladi" degan. Fariduddin Attorning aytishicha, hatto arslonkelbat erlar ham ish oldida hafsalasi yo‘qligidan ojiz qolishadi.Ojiz do‘stdan dushman yaxshiroq ekani ham bor gap.
Menimcha, bu borada bir-birimizga aql o‘rgatib o‘tirish shart emas. Chunki bu holatni barchamiz har kuni ko‘rib, bilib turibmiz, bu haqda turli fikrlar bildiryapmiz. Keling, yaxshisi, hammamiz o‘z-o‘zimizga bitta savol berishni o‘rganaylik:
- MEN VA MENING OILAM HAYoTDA O‘Z TURMUShIMIZ UChUN KURAShDA OJIZLIK QILMAYaPMIZMI?
Vijdonning bu so‘rog‘iga javobdan har kim o‘ziga xulosa chiqargani adolatli bo‘ladi.
Ilohim, hech kimni ojizlikka duchor etmasin...
Farmon TOShEV.