Oqdaryoda adabiyot bayrami
O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron va yozuvchi-jurnalist Orziqul Ergashev bilan uchrashuv ana shunday maqom oldi.
Orziqul Ergashev Oqdaryo farzandi, Darxon qishlog‘ida tug‘ilgan. 1975 yilda Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetini tugatgandan buyon Toshkentda yashaydi, umrini ijodga bag‘ishlab keladi.
O.Ergashevni ijod ahli zukko jurnalist, talabchan muharrir, bag‘rikeng inson, mahoratli yozuvchi sifatida qadrlaydi. U uzoq yil respublika radio va televideniyesida faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa-da, badiiy ijod bilan muntazam shug‘ullanib keldi. «Dunyoning bir chekkasi», «Bolaligim ko‘chalarida», «Shohsanam», «Darg‘om qissalari», «Qalb gavhari», «Yulduzsiz osmon», «Oqar daryo» kabi kitoblar muallifi. Bundan tashqari, «Eng aziz, eng ulug‘» (1917), «Vatan uchun yashaylik!» (2021) respublika tanlovlarida g‘oliblikni egallagan.
Oqdaryodagi 32-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yig‘ilganlar ijodkorning tanlangan asarlari va boshqa qissa hamda hikoyalari haqida, ajoyib fazilatlari to‘g‘risida maroq bilan so‘zlashdi.
Binobarin, tadbirga o‘tgan yili 70 yoshini nishonlagan O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davronning birga kelishi ham bejiz emas. Ular 40 yildan buyon poytaxtda hamkorlikda ishlashadi, ijodiy muloqotda bo‘lib kelishadi. Shu sababli so‘zga chiqqanlar «Sharq yulduzi» va «Zvezda Vostoka» junallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf, shoir Aziz Said, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Xosiyat Bobomurodova, «O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi» jurnali bosh muharriri Tohir Doliyev, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugalov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Oygul Mamatova, Farmon Toshev ikkala adib faoliyatining, ijodining o‘ziga xos qirralari, adabiyotning bugungi ahamiyati xususida mulohaza yuritdilar. Oqdaryodagi «Sheryuraklar» ijodiy jamoasi mualliflar asarlaridan parchalar ijro etishdi.
Oqdaryo tumani hokimi Sh.Qudratov 70 yoshga to‘lgan adiblarni tabriklab, tumanda ijodiy muhit yaratish ishlari haqida gapirdi.
Mehmonlarga viloyat, tuman hokimligining sovg‘alari ulashildi.
H.ELTOYeV.