Okeanda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan qiziqarli hodisalar
Dunyo okeanining maydoni Yer yuzasining taxminan 71 foizini tashkil qiladi. Okean deyarli dunyo paydo bo‘lganidan beri mavjud bo‘lishiga qaramay, biz u haqida juda kam ma’lumotga egamiz. Okeanlar va dengizlar o‘z qa’rida insoniyat hali yaqin orada tadqiq qila olmaydigan ko‘plab g‘aroyib hodisalar va sirlarni yashiradi.
Boltiq va Shimoliy dengizlarning “uchrashish” joyi
Bu noodatiy hodisani Boltiq dengizining chuchuk va Shimoliy dengizning sho‘r suvi tutashadigan chegarada kuzatish mumkin. Chuchuk suv bilan solishtirganda, dengiz suvi tuz miqdori tufayli yuqori zichlikka ega. Aynan shu sabab ikki dengiz hech qachon bir-biri bilan aralashmasligi, go‘yo ko‘rinmas devor bilan ajratib qo‘yilganligini tushuntiradi. Ikki bo‘g‘ozdagi qarama-qarshi oqim tufayli bu dengizlar orasidagi chegara ham aniq belgilangan.
Qizil oqim
Ushbu noodatiy hodisani ko‘plab dengizlarda kuzatish mumkin. Qizil suv toshqini yoki ilmiy jihatdan suv o‘tlarining zararli gullashi bir qarashda chiroyli bo‘lib tuyulsa-da, juda xavflidir. Suv o‘simliklarining gullash jarayoni shunchalik intensiv kechadiki, ular o‘zidan har xil toksinlar va kimyoviy moddalarni ishlab chiqara boshlaydi. Shunda nafaqat suv, balki suvning bunday qizil joylari ustidagi havo ham zaharli bo‘lib qoladi.
Eng uzun to‘lqin
Bunday to‘lqin Braziliyada yiliga 2 marta kuzatilishi mumkin. Fevral oyining oxiri va mart oyining boshlarida Atlantika okeanidan keladigan katta hajmdagi suv Amazon daryosi etagini yuqoriga ko‘tarib tashlaydi. Daryo oqimi okeanning to‘lqinli kuchlari bilan to‘qnashib, balandligi 3,5-4 metrga yetadigan dunyodagi eng uzun to‘lqinni yaratadi. Braziliyaliklar bu hodisaga Pororoka nomini berishgan, bu mahalliy qabila tilidan “shaqildoq suv” deb tarjima qilinadi. Darhaqiqat, to‘lqinning baland ovozi qirg‘oqqa tushishidan yarim soat oldin eshitiladi.
Qotil to‘lqin
Bunday to‘lqinlar faqat filmlarda bo‘ladi, deb o‘ylaysizmi? Aslida, ular tom ma’noda yo‘q joydan paydo bo‘ladi va izsiz g‘oyib bo‘ladi. Ko‘pincha qotil to‘lqinlar quruqlikdan juda uzoq masofadagi okeanning ochiq hududlarida paydo bo‘ladi. Sanqi to‘lqinlarning balandligi 30 metrga, ba’zan esa undan ham ko‘proqqa yetishi mumkin.
Okeanologlar uzoq vaqt davomida bu hodisaning mavjudligini tan olishdan bosh tortishdi, chunki ilm-fan nuqtai nazaridan tabiatda 20 metrdan baland to‘lqinlar bo‘lishi mumkin emas. 1995 yilda Shimoliy dengizda 25 metr balandlikdagi to‘lqin qayd etilgandan so‘ng olimlar qotil to‘lqinlar haqiqat ekanligini tan olishga majbur bo‘lishdi.
Suvdagi girdoblar
Barcha dengizchilarning yana bir dahshatli tushi - ikki oqim birlashganda hosil bo‘ladigan girdob chuqurligidir. Okeanda paydo bo‘ladigan bunday girdoblar ichidagi suv harakati tezligi soatiga bir necha kilometrga yetishi mumkin. Eng mashhur girdoblardan biri Norvegiya dengizida joylashgan, yozuvchi Jyul Vernning “Dengiz ostidagi 20 000 le” (le - 4, 5 km.ga teng qadimgi uzunlik o‘lchovi – tahr.) romanida tilga olingan Malstrem girdobidir.
Biolyuminessensiya
Biolyuminessensiya - bu tirik organizmlarning nur sochish qobiliyati. Dengizda yorug‘lik chiqaradigan organizmlar ham yashaydi, bunday jonzotlar koloniyalari qirg‘oqda to‘planganda ajoyib ko‘rinish hosil qiladi. Okean bir hujayrali suv o‘tlarining ko‘payishi davrida shu tarzda nurlanadi.
Mayda chiroqlar shunchalik ko‘pki, dengiz suvi ko‘k rangga bo‘yalgan sutga o‘xshaydi. Okeandagi biolyuminessensiyani kuzatishda juda ehtiyot bo‘lish kerak: ko‘plab suv o‘tlari inson salomatligi uchun xavfli toksinlarni ishlab chiqaradi.
Ba’zida bakteriyalar shu qadar katta suv maydonlarini egallab olib, yoritadiki, ularni hatto xalqaro kosmik stansiyadan ham osongina ko‘rish mumkin.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.