Olimpiyachilar Parijga yo‘l oldi
Poytaxtimizdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida O‘zbekiston sport delegatsiyasini Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlariga tantanali kuzatish marosimi tashkil etildi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi Tanzila Narbayeva, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, federatsiya rahbarlari, terma jamoamiz sportchilari ishtirok etdi.
Boks bo‘yicha jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi Abdumalik Halakov hamda qilichbozlik bo‘yicha Osiyo o‘yinlari g‘olibasi, "Shuhrat" medali sohibasi Zaynab Dayibekova Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasining bayroqdorlari bo‘lishi rasman e’lon qilindi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Abdulla Aripov o‘z nutqida Olimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlariga davlat tomonidan beriladigan mukofot pullari haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, Olimpiada chempionlari 200 ming, kumush medal sohiblari 100 ming, bronza medali sovrindorlari esa 50 ming dollarga ega bo‘ladi.
Marosimda boks bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan birinchi o‘zbek qizi, samarqandlik Nigina O‘ktamova ham so‘zga chiqdi.
- Davlatimizning sportga e’tibori va Yurtboshimizning sportchilarni qo‘llab-quvvatlashlari natijasida mamlakatimizda sport rivojlanyapti, yutuqlarga erishyapmiz, - dedi Nigina O‘ktamova. – Xususan, qo‘lga kiritgan litsenziyalarimiz uchun ham pul mukofotlarini oldik. Bu bizga Parij-2024 Olimpiadasi oldidan boshlang‘ich rag‘bat va katta motivatsiya bo‘ldi. Olimpiadaga munosib tayyorgarlik ko‘rganmiz, maqsadimiz olimpiada chempioni bo‘lib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarish.
Hozirga qadar olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan samarqandlik sportchilar 14 nafarga yetdi. Yo‘llanmalar uchun reyting ballar to‘plash davom etmoqda va viloyatimizdan 16 nafardan ziyod sportchining olimpiadaga borishi rejalashtirilgan.