"Parij-2024": Samarqandlik besh nafar sportchi Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etadi
Bugun, 28 avgust kuni Fransiyaning Parij shahrida XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari boshlanadi.
Bu galgi o‘yinlarda ishtirok etish uchun 65 nafar o‘zbekistonlik para atlet 9 sport turidan (parayengil atletika, para taekvondo, para o‘q otish, para suzish, para kanoe, para akademik eshkak eshish, para dzyudo, para pauerlifting va para velosport) jami 113 ta litsenziyani qo‘lga kiritdi. Bu O‘zbekiston Paralimpiyasi tarixida rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. 2016 yil paralimpiyachilarimiz Rio de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan o‘yinlar uchun 32 ta, Tokioda paralimpiyasidagi o‘yinlar uchun 70 ta litsenziyani qo‘lga kiritgan edi.
Musobaqada besh nafar samarqandlik sportchi, jumladan, parayengil atletika bo‘yicha Husniddin Norbekov, Kubaro Hakimova, Urganchbek Egamnazarov hamda para pauerlifting bo‘yicha Qudratoy Toshpo‘latova va para dzyudodan Uljon Amriyeva yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Sportchilarimiz «Parij-2024» XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlariga kuzatilgan bo‘lib, para atletika bo‘yicha jahon va qit’a chempioni, Osiyo hamda Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, samarqandlik Husniddin Norbekov O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdorlari tarkibida bayroqdorlik qilmoqda.
XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlari 8 sentyabrga qadar davom etadi.